GULBADAN BEGIM

GULBADAN BEGIM (1522, Kobul – 1603, Dexli) — tarixiavis. Boburning qizi. Onasi Dildor begim. Boburning katta xotini Mohim begim qoʻlida tarbiyalangan. 1529-y. da Agraga borgan. Yoshligidan adabiyot va tarixga qiziqqan. Zamonasining barcha bilimlaridan boxabar boʻlgan, fors tilini mukammal oʻzlashtirgan, «Boburnoma»ni mutolaa qilgan. Umrining oxirigacha asosan Hindistonda yashagan, Makkada boʻlgan (1575—82). Akbar buyrugʻiga koʻra Bobur va akasi Humoyun haqida «Humoyunnoma» asarini yaratgan. Asarda 15-a. ning oxiri — 16-a. ning oʻrtalarida Movarounnaqr, Afgʻoniston va Hindiston hududlarida roʻy bergan voqealar bayon qilinadi. Unda B«oburnoma»da tasvirlangan voqealarning davomi qalamga olingan, shuningdek, «Boburnoma»ga kirmagan baʼzi voqea-hodisalar aks etgan. Asar forsiyda yozilgan. Gulbadan begim Boburning tarixiavislik sohasidagi anʼanalarini davom ettirib, kitobida tarixiy voqealar b-n birga madaniyat, adabiyot, tilshunoslik, geogr., etnografiya va b. sohalarga oid maʼlumotlarni ham keltirgan. Bobur hukmronligi davri voqealarini qisqa bayon qilib, Humoyun davrini batafsil yoritgan. Asarning 83 varakdan iborat yagona qoʻlyozma nusxasi Angliyaning Britaniya muzeyida saqlanadi. Unda voqea tugallanmagan, ingliz sharqshunosi Charlz Ryo oʻz katalogida uning qisqa tavsifini bergan. Ingliz olimasi A. S. Beverij ingliz tiliga (London, 1902), S. Azimjonova oʻzbekchaga (Toshkent, 1959) tarjima qilib, forscha asl nusxasi va izohlari bilan nashr ettirganlar. Tarixchi olim Abulfazl Allomiy «Akbarnoma» asarini yaratishda «Humoyunnoma»dan keng foydalangan.

Ac: Humoyunnoma, T., 1959.

Prev Article

GULALVON

Next Article

GULBAHOR