GULCHILIK

GULCHILIK — gullimanzarali oʻsimliklarni bogʻ va xiyobonlarga, yoʻl yoqalariga ekish, binolar ichini bezash, guldastalar yasash maqsadlarida oʻstirish; dehqonchilik sohasi. Ochiq va isitiladigan yerdagi Gulchilikka boʻlinadi. Ochiq yer (dala)dagi Gulchilikda bir yillik (qashqargul, itogʻiz, gulbeor, xushboʻy tamaki), ikki yillik (kapalakgul, boʻtakoʻz, chinnigul) va koʻp yillik (gulsapsar, pion, floks va b.) gullar oʻstiriladi. Isitiladigan yer (issiq,xona, oranjereya)dagi Gulchilikda nozik va chiroyli gullaydigan, yaproqlari hamisha yashil oʻsimliklar (lola, chinnigul, xrizantema, palma, fikus va b.) oʻstiriladi. Gulchilikni ochiq va isitiladigan yerlarda qoʻshib olib borish yil davomida gul yetishtirishni taʼminlaydi.

Koʻpgina mamlakatlarda, jumladan Oʻzbekistonda Gulchilik juda qad. tarixga ega. Amir Temur, Bobur yaratgan bogʻlarda gul oʻstirishga alohida eʼtibor berilgan (q. Amir Temur bogʻlari).

Oʻzbekistonda gul va manzarali oʻsimlik koʻchatlari, qalamcha va urugʻlari hamda tuvaklarda ustiriladigan gullar yetkazib beradigan xoʻjaliklar, gul va koʻchat sotadigan maxsus «Toshkent gullari» firmasi tashkil etilgan. Gulchilik boʻyicha i. t. ishlarini R. R. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik i. t. in-ti olib boradi; malakali gulchilarni shu in-t kolleji, shuningdek, Toshkent agrar unti tayyorlaydi. Gul urugʻlari, koʻchatlari, piyozlari yetishtiradigan maxsus gulchilik xoʻjaliklari bor (q. Gul urutiligi).

Chet mamlakatlarda, ayniqsa, Yevropada Gulchilik rivojlangan. GFR, Niderlandiya, Italiya, Fransiya, Bolgariya va b. da Gulchilik iqtisodiyotning muhim tarmogʻini tashkil qiladi, uning mahsulotlari eksport qilinadi. Mac, Niderlandiya lola, nilufar, sunbul piyozlarini yetishtirishga, GFR atirgul va chinnigulni sanoat usulida yetishtirishga ixtisoslashgan.

Ad.: Remiskevich I. T., Manzarali bogʻdorchilik va gulchilik, T., 1964; Ozolin P. K., Karamishina N. M., Uyda gul oʻstirish, T., 1967; Tavlinova Gulchilik, Svetы v komnate i na balkone, L., 1985.

Lutfulla Abdurahmonov.