GULISTON TUMANI

GULISTON TUMANISirdaryo viloyatidagi tuman. 1952-y. 16 apr. da tashkil etilgan. Viloyatning Sirdaryo, Boyovut, Sayxunobod, Mirzaobod, Sharof Rashidov tumanlari, Toshkent viloyatining Bekobod tumani bilan chegaradosh. Mayd. 0,35 ming km2. Aholisi 50,1 ming kishi (2000). Guliston tumanida 1 shaharcha (Dehqonobod), 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshbuloq, Zarbdor, Koʻnchi, Oltintepa, Oltin Oʻrda, Soibobod, Sohilobod, Chortoq, Humo) bor. Markazi — Dehqonobod shaharchasi.

Tabiati . G. t. Mirzachoʻl tekisligining sharqida joylashgan. Yer yuzasi tekislik (oʻrtacha bal. 250 m), lyossimon qumoq va qumloqlar bilan qoplangan. Iqlimi kontinental. Iyulning oʻrtacha t-rasi 28°, yanv. niki — 2° dan —4° gacha. Yiliga 200—300 mm yogʻin tushadi. Grunt suvlari shoʻr va shoʻrtob. Tuman hududidan «Doʻstlik» kanalining Oʻng tarmoq va Chap tarmoq ariqlari oʻtadi. Oqindi shoʻr suvlarni chiqarib yuborish uchun kanal, ariq va zovurlar qazilgan. Sirdaryoning chap sohilida bahorgi toshqin suvlarining toʻplanishidan hosil boʻlgan Achchiqkoʻl bor. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproq. Sirdaryo sohili sugʻoriladigan oʻtloqi allyuvial tuproklardan iborat. Mirzachoʻl oʻzlashtirilishi bilan dasht ekinzorlarga aylantirildi. Tabiiy oʻsimliklardan miya, yantoq, qamish, yulgʻun, qiyoq kabilar ariq-zovurlar chetida, shuningdek, Sirdaryo yoqasida oʻsadi. Chiyaboʻri, toʻqay mushugi, boʻrsiq, qoʻshoyoq, koʻrsichqon, kaltakesak va ilonlar uchraydi. Parrandalardan oʻrdak, loyxoʻrak, qirgʻovul, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq va b. bor.

Aqolisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, rus, koreys, tatar va b. millat vakillari yashaydi. 1 km2 ga 143 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 10,5 ming kishi, qishloq aholisi 39,6 ming kishi.

Xoʻjaligining asosi — dehqonchilik. Yetakchi tarmogʻi — paxtachilik. Q. x. da sugʻoriladigan yerlar 24850 ga, ekinzorlar 21938 ga, shu jumladan 12729 ga paxta, 122 ga sabzavot va poliz ekinlari, 466 ga beda, 8250 ming ga gʻalla ekinlari, 400 ga makkajoʻxori va b. ekinlar bilan band. G. t. da 3 jamoa xoʻjaligi, 11 dehqon-fermer xoʻjaliklari uyushmasi va shirkatlar, 130 dan ziyod dehqon-fermer xoʻjaligi va b. xoʻjaliklar bor (1998). Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qariyb 18 ming qoramol, 7600 ga yaqin qoʻy va echki, 567 ot, 16 ming parranda boqiladi (1998). Guliston tumanida avtokorxona, 3 paxta punkti, 46 maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi ishlab turibdi. Avtomobil yoʻllari uz. 125 km. Yakin t. y. stansiyasi — Guliston 24 km.

30 ga yaqin umumiy taʼlim maktabida 10,5 ming oʻquvchi, «Umidli yoshlar» litseyida 105 oʻquvchi, Dehqonobod k,, x. litseyida 407 oʻquvchi, 1 internat maktabda 253 oʻquvchi taʼlim oldi. 23 jamoat va bolalar kutubxonasi, klublar, madaniyat uyi faoliyat koʻrsatmoqda. 350 oʻrinli kasalxona va dispanser, 10 ambulatoriya, 5 qishloq tibbiyot punkti boʻlib, ularda 65 vrach, 431 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. «Onalar va bolalar» viloyat fizioterapiya shifoxonasi Guliston tumani hududida joylashgan. 1930-y. dan «Guliston» tuman gaz. chiqadi.

Guliston tumanida stadion, 12 futbol maydoni, 18 sport zali, tennis maydoni mavjud, 56 xususiy savdo shoxobchasi, bozor ishlab turibdi. 1986-y. Alisher Navoiy nomli Madaniyat saroyi qurilgan. Guliston tumani markazidagi xiyobonda 1941—45 i. lar urushi qurbonlariga yodgorlik monumenti oʻrnatilgan.