GULISTON UNIVERSITETI

GULISTON UNIVERSITETI, Gʻafur Gʻulom nomidagi Guliston davlat universiteti — ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti. OʻzR Prezidenti farmoniga asosan 1992-y. 15-martda Sirdaryo ped. in-ti (1966-y. asos solingan) negizida Guliston sh. da tashkil etilgan. 1966 yil 17-iyulda Gʻafur Gʻulom nomi berilgan. Un-tda filol., fizikamat., tarix, ped., tabiatshunoslik, iqtisodiyot, qoʻshimcha taʼlim f-tlari, 23 kafedra, 19 ilmiy va oʻquv lab., ustaxona, gerbariy, botanika bogʻi, zool., tarix va adabiyot muzeylari, maʼnaviyat xonasi, sport maydoni va zali, til oʻrganish markazi, biznes maktabi, kutubxona (330 mingdan ortiq asar saqlanadi), Xoʻjamushkent oʻquv dala amaliyotlari bazasi, Navbahor oʻquv tajriba uchastkasi mavjud (2001). Un-t qoshida 2 akademik litsey va malaka oshirish in-ti, bosmaxona ham bor. Gaz. va jur. nashr etadi. Internet asosida 10 dan ortiq rivojlangan mamlakatlarning ilmiy markaz va oʻquv yurtlari bilan aloqa qiladi. Un-t 20 ixtisoslik (oʻzbek filol. si, rus filol. si, ingliz tili va adabiyoti, qozoq filol. si, tarix, davlat huquqi, mat., amaliy mat. va informatika, fizika, kimyo, biol., ekologiya, ped. va boshlangʻich taʼlim uslubi, chizmachilik va tasviriy sanʼat, umumiy texnika va meh-nat, q. x. ni mexanizapiyalashtirish, jismoniy madaniyat, iqtisod, agrokimyo va tuproqshunoslik, buxgalteriya hisobi va audit) boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi. 1993-y. dan aspirantura faoliyat koʻrsatadi. Un-tda 7 yoʻnalish boʻyicha aspirant, 5 yoʻnalish boʻyicha magistrlar tayyorlanadi. 2001/2002 oʻquv yili un-tda 2664 talaba taʼlim oldi, 200 dan ortiq oʻqituvchi, jumladan 10 fan dri va prof., 100 dan ortiq fan nomzodi va dotsent ishladi. Un-t faoliyati A. Parpiyev, A. Kattabekov, U. Oʻljaboyev, A. Quljonov, H. Qarshiboyev, Sh. Niyozov, F. Samadov, R. Mahmudov, V. Rahmonov, A. Pozilov, B. Toʻychiboyev, I. Axmetov, O. Ayupov, N. Mamadiyorov kabi prof.-oʻqituvchilar nomi bilan bogʻliq. Un-t SOROS, Adenauer, «Ustoz», «Umid», Aksele, Tasis kabi xalqaro jamgʻarmalar bilan hamkorlik qiladi. Un-tda turli yoʻnalishlarda i. t. ishlari olib boriladi. 2002-y. gacha un-t 19934 mutaxassis tayyorladi.