GULQAND

GULQAND — oʻrtapishar pomidor navi. Oʻzbekiston sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik i. t. in-tida «Vitaminli» navi namunasidan tanlash yoʻli bilan yaratilgan (1986). 1990-y. dan issiqxonalarda kuzgi-qishki mavsumda yetishtirish uchun r-nlashtirilgan. Boʻyi 120 — 150 sm ga boradi, boʻgʻimlari orasi 4—10 sm. Bargi oddiy, yirik, och yashil, yon bargchalari kam. Mevasi dumaloq, choʻqqisi silliq, qizil, urugʻi kam. Tarkibida 3 — 3,2% quruq modda, 1,6 — 1,7% qand, 9,6—12 mg % askorbin kislotasi bor. Bir dona mevasining oʻrtacha ogʻirligi 120 g. Nihollar toʻliq unib chiqqanidan keyin birinchi mevalari 95 — 120 kunda pishadi. Hosildorligi oʻrtacha 4,5 kg/m2. Bir poya qoldirib shakl beriladi (bosh poya chilpilmaydi). Fuzarioz viltga chidamli.