GULXANIY

GULXANIY (taxallusi; asl ismi Muhammad Sharif) (taxm. 18-a. ning oxiri — Qoʻqon — 19-a. ning 20-y. lari) — oʻzbek mumtoz shoiri, masalnavis. Hayoti va ijodi haqida «Majmuai shoiron» (Fazliy Namangoniy), «Tuhfat ul-axbob» (Qori Rahmatulloh Vozeh), «Sabot ul-bashar va tarixi muhojiron» (Dilshod Otin) kabi asarlarda ayrim maʼlumotlar keltirilgan. Fazliy Gulxaniyning «Koʻhiston mulkidan» ekanligini taʼkidlasa, Vozeh uni namanganlik, deydi. Gulxaniy Namangan va Qoʻqonda yashagan, oz vaqt hammomda oʻt yoquvchi — goʻlax vazifasida ishlagan (taxallusi shundan). Qoʻqon xoni Amir Olimxon navkarlari safida xizmatda boʻlgan (1801 — 10). Mustaqil mutolaa yoʻli bilan mumtoz adabiyotni oʻrgangan. Olimxon vafotidan (1811) soʻng taxtga oʻtirgan Amir Umarxon (Amiriy) G. ni saroy shoirlari davrasiga jalb etgan. Shoir xonni maqtagan, uning gʻazallariga naziralar bitgan. Umarxon vafotidan soʻng vataniga qaytib, koʻproq oddiy insonlarga manzur boʻluvchi sheʼrlar yoza boshladi. Oʻtli hajvlar yaratdi.

Gulxaniy oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Bizgacha bir necha gʻazali, hajviyalari hamda «Zarbulmasal» («Yapaloqqush» hikoyasi) nasriy asari yetib kelgan. Gʻazallarida lirik qahramonning ruhiy kechinmalari, bahor, real hayotiy manzaralar oʻz ifodasini topgan («Barmogʻim», «Ey toʻti», «Lola koʻksidek bagʻrim…»). «Bideh» (bergil, ber menga) radifli gʻazalida shoir navkarlik davridagi hayotini tasvirlagan. Bu gʻazalga chuqurroq nazar tashlansa, muallif katta ijtimoiy masala — oʻz davrining harbiy tartibi, rasm-rusumlari haqida fikr yuritganligini kuzatish mumkin. Gʻazalida lirik qahramonning obrazi umumlashma obraz darajasiga koʻtarilgan. Gulxaniy oʻzining zoʻr isteʼdodi, tajribasi, turmushga haqqoniy qaray bilishi tufayli xalqchil ijodkor sifatida koʻringan. Shoirning bizga maʼlum gʻazallarining ayrimlari Amiriy sheʼrlariga nazira tarzida yaratilgan boʻlib, ular oddiy taqlidchilik doirasida qolmay, barkamol mustaqil badiiy asar darajasiga koʻtarilgan. Gulxaniyning sheʼriy ijodi, garchand, hajman katta boʻlmasada, 19-a. oʻzbek milliy adabiyoti rivojiga samarali taʼsir koʻrsatdi.

«Zarbulmasal» nafaqat oʻzbek mumtoz adabiyoti, balki butun Sharq adabiyotining ham nodir namunasidir. Gulxaniy unda xalq maqollari (400 ga yaqin maqol), sajlar (qofiyali nasr), masal va rivoyatlardan samarali foydalangan. Bu masal va rivoyatlar tematik jihatdan bir-biriga bogʻlanib, yagona bir syujetni tashkil etgan. Asarda Yapaloqqush bilan Boyoʻgʻlining quda-anda boʻlishi sarguzashtlari majoziy, oʻtkir hajviya tarzida tasvirlangan. Gulxaniy qushlarning oʻzaro murakkab munosabatlari asosida oʻz davri ijtimoiy hayotining tanqidiy manzarasini yaratgan.

Gulxaniy ijodini M. Salye, Fitrat, B. Karimov, R. Muqimov, H. Yoqubov, F. Isʼhoqov kabi olimlar tadqiq etganlar.

As: Tanlangan asarlar, T., 1951. Zarbulmasal va gʻazallar, T., 1960.

Ad.: Muqimov R., Gulxaniyning hayoti va adabiy faoliyati, Samarqand, 1955; Zohidov V., Oʻzbek adabiyoti tarixidan, T., 1961; Isʼhoqov F., Gulxaniy va uning adabiy merosi, T., 1974.

Abdurashid Abdugʻafurov.