GUMBAZ (geol.) — togʻ jinslarining yotish shaqli. Gumbaz braxiantiklinalning uzviy hodisasi sifatida platforma mavjud boʻlgan yoki ularga yaqin sharoitlarda qoyali massiv, fundamentning nuragan boʻrtigi, lakkolitlar va b. ustida hosil boʻladi.
1) Vulkanik magmatik Gumbaz — otilib chiqqan jinslarning katta, toʻntarilgan qozon shaqlidagi jism koʻrinishida yotishi. Yonbagʻri tik, bal. 800 m gacha. Yer yuzasiga vulkan boʻgʻzidan yopishqoq nordon lavaning siqilib chiqishidan vujudga keladi. Koʻpincha oʻziga xos radial va konsentrik koʻrinishida yoriqchalar boʻladi.
2) Granit-gneysli (gneysli) Gumbaz — markaziy qismi asosan qiya yotgan granit-gneys yoki baʼzida granit yorib kirgan gneyslardan tuzilgan Yer poʻstining koʻtarilgan qatlamlari. Gneys yadrosining periferiyasi quyi darajada metamorfizmga uchragan mayda burmali, gumbaz markaziga nishab kristalli slaneslardan iborat. Koʻproq qad. platforma qalqonlarida uchraydi. Koʻndalang kesimi bir necha oʻnlab km ga choʻziladi.
3) Tektonik Gumbaz — gumbaz markazidan barcha tomonga qiya tushgan Yer poʻsti qatlamlarining katta yoki kichikroq shakldagi koʻtarilmasi. Koʻndalang kesimi oʻnlab (goho yuzlab) km ga choʻziladi. Asosan platformalarda uchraydi.
4) Tuzli Gumbaz — yadrosi tosh-tuz yoki boshqa tuzlardan iborat jins qatlamlari dumaloq shakldagi koʻtarilma. Boshqa choʻkindi jinslarga nisbatan zichligining kamligi va oʻta qayishqoqligi sababli tuzning yuqoriga koʻtarilishi va singishi natijasida hosil boʻladi. Platforma botiklaridagi kristalli qobiqning chuqur choʻkkan joylarida keng tarqalgan. Tuzli Gumbaz bor joylarda koʻpincha neft va gaz konlari ham boʻladi (Emba—Qozogʻistonda, GalfKost — AQSHda).