GʻUZOR — Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi shahar (1977-y. dan), tuman markazi. Yaqin t. y. statsiyasi Gʻuzor (3 km). Viloyat markazi (Qarshi sh.) dan 58 km jan.-sharqda. Aholisi 22,3 ming kishi (2005). Paxta tozalash. q. x. mahsulotlarini qayta ishlash, taʼmirlash, qurilish, «Shoʻr-tangaz» unitar shoʻba, «Shoʻrtangaz-kimyo» sanoat korxonalari, non k-ti, avtokorxona, MTP, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, avtovokzal, avtokemping, dehqon bozori va b. ishlab turibdi.
Umumiy taʼlim maktablari, litseylar, kasb-hunar kollejlari bor. Tuman markaziy kutubxonasi, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻlari mavjud. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona va b. tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Gʻuzor yonidan Katta Oʻzbekiston trakti oʻtgan. Gʻuzordan Qarshi, Samarqand va b. shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.