HAYIT ZILZILASI

HAYIT ZILZILASI — 1949-y. 10-iyulda Tojikistonning Hayit, Jirgʻatol, Garm, Qalʼai-Dabiob kabi aholi punktlari va atrofdagi hududlarda sodir boʻlgan. Zilzila oʻchogʻi 16 km chuqurlikda joylashgan, kuchi 10 ball, magnitudasi 7,5 boʻlgan. Hisor togʻ tizmasining jan. etaklarini lar-zaga keltirgan bu zilzila toʻsatdan katta zarb bilan boshlangan, natijada 150 dan ortiq qishloq bir zumda xarob boʻlgan. 9 balli epitsentr zonasi gʻarbdan-sharqqa choʻzilgan boʻlib, uz. 60—65 km va eni 6—10 km li may-donni oʻz ichiga olgan. Zilzila paytida Chokurak togʻining katta qismi Obi-Dara-Hovuz daryosi darasiga qulab tushgan. Toshutuproq aralash boʻlgan bu qatlam daryo suvi bilan katta tezlikda pastga qarab vodiy tomon harakat qilgan. natijada uyumlar bal. 700 m, uz. 5 km va eni 1 km keladigan bahaybat koʻchki hosil qilib, Hayit qishlogʻini butun aholisi bilan koʻmib yuborgan. Qoʻshni Surxob va Yasman daryolari yon atroflarida ham bir qancha katta, kichik koʻchkilar harakatga kelgan, baʼzi joylarda yer yoriqlari paydo boʻlgan. Bu yoriqlar boʻyicha togʻ jinslari qatlamlarining bir-biriga nisbatan siljishlari quzatilgan. Dastlabki asosiy zilziladan keyin bu joylarda tebranishlar yana bir necha marta takrorlanib kuchi 8 ballga yetgan. Zilzila natijasida jami 33 ta qishloq togʻ jinslaridan hosil boʻlgan uyumlar ostida qolgan va 12000 kishi halok boʻlgan.

Prev Article

HAYDEGGER