IDIKU

IDIKU ibn Qutlugʻ Qabo (rus solnomalarida — Edigey, Yedigey) (1352 — 1419) — Noʻgʻay Oʻrda xoni (1396-y. dan), Oltin Urdada amiri lashkar (1397-y. dan), uning amaldagi hukmdori (1399 — . 1412). Mangʻit biy (bek)laridan boʻlmish Idiku 1377-y. Oltin Oʻrda xoni Oʻrusxon taʼ-qibidan qochib Amir Temur huzuriga kelgan va uning qoʻshinida amirlik qila boshlagan. 1391-y. Amir Temurning Toʻxtamishta qarshi yurishida ishtirok etgan. Soʻng, 1396-y. Idil (Volga) va Yoyiq (Ural) daryolari oraligʻidagi hududda Oltin Oʻrdadan mustaqil Noʻgʻay Oʻrda davlatini tashkil qilgan. 1397-y. Oltin Oʻrdani zabt etib, Oʻrusxonning nabirasi Temur Qutlugʻni rasman taxtga oʻtqazgan boʻlsada, amalda davlatni oʻzi idora qilgan, hokimiyatni qoʻldan chiqarmaslik maqsadida 20 ta oʻgʻlini Oltin Oʻrdaning turli vilo-yatlariga noib etib tayinlagan. Temur Qutlugʻ vafot etgach (1399), I. taxtga uningoʻgʻli Shodibekni oʻtqazgan. Ammo, Shodibek Toʻxtamish bilan til biriktirib Idikuga qarshi jang qilgan, yengilgach, Darbandga qochgan. Shundan keyin I. Oltin Oʻrda taxtiga Shodibekning oʻgʻli Poʻlod Sultonni oʻtqazib, Litva knyazi Bumoem (1350—1430) va uning panohiga qochib borgan Toʻxtamishga qarshi yurish qilgan hamda ularning birlashgan qoʻshinini Vorskla daryosi boʻyidagi jangda tormor keltirgan (1399). 1408-y. I. Oltin Oʻrdaga xiroj toʻlamay qoʻygan Rusga bostirib kirib, uning koʻplab shaharlari (Serpuxov, Dmitrov, Rostov, Pereyaslavl, Nijniy Novgorod va b.) ni vayron qilgan, Moskvani esa qurshab olib, katta tovon evazigagina vayron etmay or-tiga kaytgan. Idiku 1410—12 y. larda Oltin Oʻrda shahzodalari oʻrtasida boʻlgan taxt uchun kurash oqibatida hokimiyatdan ajrab, Xorazmga qochgan, lekin Shohrux tomonidan u yerdan quvib chiqarilgan (1414). Soʻng, u Toʻxtamishning oʻgʻillari Karimberdi va Qodirberdi bilan boʻlgan jang (1419) da oʻldirilgan. Oʻzbek, qozoq, turkman, noʻgʻay, tatar va b. turkiy xalqlar orasida tarqalgan «Idiku» («Edigey») dostoni Idiku xususidadir.

Ad.: Grekov B. D., Ya kubovskiy A. Yu., Oltin Oʻrda va uning qulashi, T., 1964; Ibn Arabshoh, Amir Temur tarixi, T., 1992.

Nashi Norkulov.

Prev Article

IDEOGRAFIK LUGʻAT

Next Article

IDIKU