IMMUNOGLOBULINLAR (Ig) – umurtqali hayvonlar va odamning qon zardobidagi antitelolar faolligiga ega boʻlgan globulyar oqsillar guruhi. Immunoglobulinlar molekulasi ikkita bir xil yengil va ikkita bir xil ogʻir polipeptid (q. Peptidlar) zanjirlardan iborat boʻlib, ular oʻzaro, asosan, disulfid ( — S—S—) bogʻlar b-n bogʻlangan. Immunoglobulinlarning bunday toʻrt zanjirli tuzilishi davomiy qaytarilib, dimerlar (IgA) yoki pentamerlar (IgM) hosil qilishi mumkin. Har bir polipeptid zanjir (yengil yoki ogʻir) ikkita — konstant va variabel qismdam iborat boʻlib, konstant (SOON — chetki) qismning aminokislotali ketma-ketligi turli Immunoglobulinlarda juda oʻxshash, variabel (NH2 — chetki) qismda esa turli Immunoglobulinlarda turlicha. Immunoglobulinlar xususiyatlari ularning bitta yengil va bitta ogʻir zanjirli variabel qismdan tuzilgan faol markazining fazoviy strukturasiga bogʻliq. Ularning boshqa biologik xossalari (platsenta orqali oʻtishi, sekretlarga tushishi, toʻqimalarda paydo boʻlishi, komplement tizimining faollashuvi yoki biologik faol moddalarning ajralishi) molekulyar konstant qismining tuzilishi orqali aniqlangan. Konstant qismlarining tuzilishi va antigen farqiga muvofiq ogʻir zanjirlar 5 ta sinfga boʻlinadi: u, s, a, 8, ye. Ular ham oʻz navbatida Immunoglobulinlarning tegishlicha 5 sinfini hosil qiladi: IgG, IgM, IgA, IgD, IgE. I. limfa hujayralarida sintezlanadi va immunitet hosil boʻlishida ishtirok etadi; ular, asosan, qonda, qisman soʻlak, oʻt, orqa miya suyukligi, siydik, turli sekretlar va b. toʻqima suyukliklarida boʻladi. Immunoglobulinlarning asosiy effektor reaksiyalari har bir antigenga oʻziga xos antitelolar ishlab chiqish orqali amalga oshadi. Uning bu xususiyatidan tibbiyotda ayrim infeksion kasalliklarni (mas, koʻkyoʻtalga, stafilokokka qarshi I.) davolashda foydalaniladi.