ISLOM MAZHABCHILIGI — islom dinidagi turli oqim va firqalarning umumiy nomi. Islom mazhabchiligi Qurʼon va hadisni turlicha talqin qilish, islom tarixida gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va diniy hayotning boshqa sohalarida yuz bergan ixtiloflar natijasida vujudga kelgan. Tor maʼnoda — shariatga xos huquq yoʻnalishlarini anglatsa, keng maʼnoda — dindagi ajralgan barcha guruhlarni ifodalaydi. Ularni bir-biridan farqlash lozim. Islomdagi asosiy yoʻnalishlar — sunniylik, shialik, xorijiylar. Bulardan sunniylik va shialik hozir mavjud, lekin xorijiylar yoʻnalishi oʻrta asrlardayoq koʻp firqalarga ajralib, keyinchalik yoʻqolib ketgan, undan faqat bitta — ibodiylar (abodiylar) firqasi saklanib qolgan; Islomdagi firqalar — ularning eng kupi shialik ichidagi firqalardir; shariat mazhablari — islomdagi ajralishning alohida shaklidan iborat (hanafiylik, molikiylik, shofiʼiylik, hanbaliylik, jaʼfariylik) (ya na q. Mazhab); ilohiyot oqimlari — ular islom ilohiyotining shakllanish bosqichida ilohiyotga doir ayrim masalalar boʻyicha ixtiloflar tufayli vujudga kelgan. 14-a. dan keyin ularning barchasi yoʻqolib ketgan; Sufiylik yoki tasavvuf tariqatlari — ularning koʻplari oʻrta asrlardayoq yoʻqolib ketgan. Oʻrta Osiyoda — naqshbandiylik, yassaviylik, kubraviylik, Kavkazda muridlik, xorijiy Sharq mamlakatlarida qodiriylar, bektoshiylar, rifoʼiylar, tayfuriylar va b. tariqatlar keng tarqalgan. Ularning ayrimlari hozir ham mavjud.
Ad.: Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.