JANUBIY OROL — Yangi Zelandiyaning katta oroli. Shimoliy o. dan Kuk boʻgʻozi, Styuart o. dan Favo boʻgʻozi orqali ajralgan. Mayd. 150,5 ming km2. Aholisi 880 ming kishidan ziyod (1990-y. lar oʻrtalari). Relyefi togʻli, hududining koʻp qismi Jan. Alp togʻlaridan (Kuk togʻi, 3764 m, mamlakatdagi eng baland choʻqqi) iborat. Iqlimi subtropik dengiz, jan. da moʻtadil iqlim. Togʻ oʻrmonlari, yaylovlar, togʻlarning yuqori qismi qor va muzliklar bilan qoplangan. Fyordlend, Maunt-Kuk milliy parklari tashkil etilgan. Orolning sharqiy qismidagi Kenterberi tekisligi — mamlakatning asosiy dehqonchilik r-ni. Bosh shahri — Kraystcherch.