JAZOIR

JAZOIRJazoir Xalq Demokratik Respublikasining poytaxti. Jazoir viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 2,5 mln. kishi (1998).

Oʻrta dengiz boʻyida joylashgan. Iqlimi subtropik, oʻrta dengiz iqlimi, qishi iliq, yozi quruq va issiq. Oʻrtacha t-ra yanv. da 12°, iyulda 25°; yiliga 700 mm yogʻin yogʻadi.

Jazoirga finikiyaliklar tomonidan mil. av. 9-a. oxirida Ey-Qozi bandargohi sifatida asos solingan, keyinchalik rimliklar tomonidan Ikozium deb nomlangan. Ikozium vayronalari oʻrnida 935-y. da barbar amiri Bologgin ibn Ziri yangi shahar bunyod qildi va keyinchalik bu shahar Jazoir deb ataldi. 11-a. dan J. Oʻrta dengizning yirik savdo porti, 13-a. dan Ispaniyadan quvgʻin qilingan mavr muhojirlari markazi boʻldi. 16-a. gacha turli davlatlar tarkibida boʻlib kelgan. 16-a. dan Usmonli turklar saltanatiga qaram boʻlgan Jazoirning markazi. 1830-y. da fransuzlar bosib olgach, 130 yil davomida Fransiyaning Jazoir mustamlakasining maʼmuriy markazi boʻldi. Jazoirda 2-jahon urushi davrida ittifoqchi davlatlar qoʻmondonliginingOʻrta dengizdagi shtab kvartirasi joylashgan. Jazoir 1962-y. dan mustaqil Jazoir davlatining poytaxti.

Jazoir — transport yoʻllari tuguni, xalqaro aeroport bor. Oʻrta dengiz boʻyidagi yirik port (yillik yuk ortib tushirish 5,8 mln. t). Mamlakatning iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazi. Mashinasozlik (avtomobil va q. x. mashinalari), metallsozlik, oziq-ovqat (vinochilik, yogʻ, tamaki, un tortish), kimyo, neftni qayta ishlash, sement, sellyuloza-qogʻoz, toʻqimachilik korxonalari, oyna z-di, yogʻochsozlik f-kalari, issiqlik elektr st-yalari, metropoliten bor.

J. Jazoir qoʻltigʻi boʻylab 15 km ga choʻzilgan, bogʻ va parklar koʻp. Jazoirning qad. qismida qalʼa, Katta masjid (1096), Sidi Abdurahmon masjid-maqbarasi (1611), Jome ul-Jadid masjidi (1660), J. ning Yevropacha uslubda qurilgan qismida Hukumat uyi (1930) bor. 1960-y. lardan yangi turar joy binolari qurilgan. Un-t, in-tlar, maxsus oʻrta oliy oʻquv yurtlari, Sahroi Kabir in-ti, rasadxona, botanika bogʻi, Milliy drama teatri va b. bor. Har yili xalqaro yarmarka oʻtkaziladi.

Prev Article

JAZO

Next Article

JAZOIRLAR