JINSIY GORMONLAR — odam va umurtqali hayvonlar jinsiy bezlarida ishlanadigan biologik faol moddalar. Birlamchi jinsiy belgilar (gonadalardan tashqari) va ikkilamchi jinsiy belgilar namoyon boʻlishini taʼminlaydi. Jinsiy gormonlar kimyoviy tuzilishiga koʻra, steroidlar va polipeptidlarga ajratiladi. Steroid gormonlar androgenlar, estrogenlar va progestinlar (gestagenlar)ga boʻlinadi.
Erkaklar jinsiy gormonlari — androgenlar urugʻdonning maʼlum hujayralarida sintezlanadi; molekulasi 19 uglerod atomidan iborat. Eng asosiysi — testosteron. Ayollar jinsiy gormonlari — estrad iol , estron tuxumdon follikulalarida ishlab chiqariladi, ular 18 uglerod atomidan tuzilgan; progestinlar tuxumdonning sariqtanasida va b. struktur elementlarda sintezlanadi. Molekulasi 21 uglerod atomidan tashkil topgan. Eng asosiysi — progesteron. J. g. buyrakning magʻiz qavatida, homiladorlikda esa platsentada ham ishlanadi. Jinsiy gormonlar organizmning erkaklik yoki urgʻochilik xarakterini belgilaydi. Organizm balogʻatga yetishi davrida Jinsiy gormonlar jinsiy hisni shakllantirish hamda markaziy nerv sistemasini faollashtirish funksiyasini bajaradi. Estrogen va gestagen gormonlarning oʻzaro taʼsiri tufayli otalangan urugʻ hujayra bachadonga oʻrnashib (q. Implantatsiya), xomiladorlik va tugʻruqning maromida kechishini taʼminlaydi. Bevosita tuxumdonda sariq tanada, shuningdek, bachadon va b. aʼzolarda hosil boʻladigan oqsil tabiatli Jinsiy gormonlardan relaksin (homiladorlikni saqlaydi, bachadon tonusini susaytiradi hamda chanoq suyagi boʻgʻimlari boylamini boʻshashtiradi); urugʻdon, urugʻ kanalchalari va tuxumdon follikulalarida yetiladigan ingibin (gipofizda follikulni stimullovchi gormon ajralishini boshqaradi) muhim ahamiyatga ega. Jinsiy gormonlar tibbiyotda endokrin, akusher-ginekologik kasalliklarni davolash hamda koʻkrak bezi, prostata bezida xavfli oʻsmalar hosil boʻlishi jarayonining oldini olish maqsadida qoʻllaniladi.