KANDIL

KANDIL, Kandil sinap — kechpishar olma navi. Yevropa mamlakatlari, Qrim, Gruziya, Ozarbayjonda koʻp ekiladi. Oʻzbekistonga 19-a. ning 90-y. larida Qrimdan keltirilgan va sanoat ahamiyatidagi bogʻlar barpo etishda asosiy nav hisoblangan. Daraxti baland (9—12 m), shox-shabbasi ixcham oʻsadi. Koʻchati oʻtqazilgach, 10—12-yili hosil beradi (18—20-yili toʻliq hosilga kiradi). Apr. ning oʻrtalarida gullaydi. Mevasi chiroyli, silindrsimon, 100—120 g, baʼzan 200—250 g, poʻsti och sariq, eti oq, oftobga qaragan tomoni och qizil, sersuv, nordon-shirin (11,5% qand, 0,38% kislota, 0,27% kul moddalari). Mevasi avg. oxiri — sent. boshlarida teriladi, fev. —martgacha yaxshi saqlanadi. Namgarchilik yetarli va yezda kuchli shamollar boʻlmaydigan hududlarda yaxshi oʻsadi va koʻp hosil beradi. Oʻgʻitlarga, sugʻorishga talabchan.

Bir tupidan 500—600 kg gacha qosil olinadi. Mevabandi uzun (22—30 mm) boʻlgani sababli mevalari shamolda toʻkilishga moyilroq. Sovuqqa chidamli. Kandil sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan, eksportbop eng yaxshi xoʻraki navlardan biri. Kech hosilga kirishi sababli 20-a. ning 70-y. laridan Oʻzbekistonda kam ekiladi.

Prev Article

KANDIDOZ

Next Article

KANDIR