KARTON

KARTON (frans. carton, ital. carto — qogʻoz soʻzidan) — yuza birligining massasi yoki solishtirma ogʻirligi oddiy qogʻoznikidan katta boʻlgan qogʻoz turi. Yagona xalqaro tasniflashda qogʻoz bilan Karton orasida aniq chegara koʻrsatilmagan. Mas, Germaniyada 150 g/m2, Polshada 180 g/m2, Rossiyada 250 g/m2 qogʻoz materiali Karton deb qabul qilingan. Bir, ikki va koʻp qatlamli Kartonlar boʻladi. Karton tayyorlashdagi asosiy texnologik operatsiyalar xom ashyoni maydalash, qoliplarga quyish, presslash, quritishdan iborat. Karton olish qogʻoz olishdan uncha farq qilmaydi, lekin bunda ancha dagʻal va bikr tolali materiallar (mas, qoʻngʻir yogʻoch massasi, yarim sellyulozalar, makulatura va b.) dan foydalaniladi. Karton xossalari ushbu texnik koʻrsatkichlari: yuza birligi (mas, 1 m2 ining massasi, kalinligi, namligi va b.) bilan belgilanadi. Karton massasi tarkibiga yopishtiruvchi, bogʻlovchi, toʻldiruvchi, boʻyovchi moddalar qoʻshib, uning xossalarini oʻzgartirish mumkin. Vazifasiga va fizik-mexanik xossalariga qarab, Kartonning qutilar yasash, matbaada, poyabzal i. ch. da, qurilishda, toʻqimachilik va b. da ishlatiladigan, elektroizolyatsiya, qistirmalar va b. tayyorlanadigan xillari bor.

Prev Article

KARTLI

Next Article

KARTON