KATEGORIYALAR (yun. kategoria — mulohaza, fikr; belgi) (falsafada) — voqelikdagi hodisalar va bilishning muhim, umumiy xususiyat hamda munosabatlarini aks ettiruvchi eng umumiy va asosiy tushunchalar. Kategoriyalar bilish va ijtimoiy amaliyot tarixiy taraqqiyotining umumlashgan natijasi boʻlib vujudga kelgan.
Kategoriyalar haqidagi ilk taʼlimot qad. Hindistonning ayrim falsafiy maktablarida uchraydi. Yunon faylasufi Platon dunyodagi narsa va hodisalar tushunchalarning ifodasi shaklida hosil boʻladi deb hisoblaydi. Aristotel oʻzining «Kategoriyalar» asarida Kategoriyalarni obyektiv reallikning inʼikosi hamda eng yuksak umumlashmasi deb talqin qiladi. U 10 ta kategoriya toʻgʻrisida maʼlumot beradi: mohiyat, miqdor, sifat, munosabat, joy, vaqt, qoida, holat, xatti-harakat va qiynalish. Aristotelning Kategoriyalar haqidagi taʼlimoti Kindiy, Forobiy, Ibn Sino tomonidan rivojlantirildi. Oʻrta asr sxolastikasi 6 ta kategoriyani bir-biridan farq qiladi: borliq (mohiyat), sifat, miqdor, harakat (oʻzgarish), munosabat, egalik. Dekart va Lokk 3 ta kategoriyani koʻrsatib oʻtadi: substansiya, holat (modus) va munosabat. I. Kant K. ni aql-idrok shakllari deb tushunadi. Kategoriyalar haqida taʼlimotni ishlab chiqishda Gegelning ham xizmati katta. U K. haqidagi keng va murakkab taʼlimot tizimini yaratgan. Kategoriyalar haqidagi taʼlimotga E. Gartman, A. Shopengauer, F. Nisshe asarlarida ham keng oʻrin berilgan. Har bir inson oʻz faoliyatida oʻzigacha shakllangan Kategoriyalar yordamida ish tutadi. Kategoriyalar metodologik va dunyoqarash mazmuniga ega boʻlib, insonga borliqning mohiyatini, insonning borliqda tutgan oʻrnini toʻgʻri bilib olishga yordam beradi.
Har qaysi fanning oʻz Kategoriyalari boʻlib, shu fanning xususiyatlarini koʻrsatib turadi. Falsafiy Kategoriyalar fan K. idan farq qilib aniq fanlar rivoji natijalarini umumlashtirib, ilmiy bilishdagi metodologik va dunyoqarash ahamiyatiga ega boʻlgan tomonlarini taʼriflab beradi. Falsafaning turli Kategoriyalari mavjud: borliq, ong, harakat, rivojlanish, fazo, vaqt, inʼikos, bilish, haqiqat, sababiyat, struktura, tizim, mazmun, shakl, imkoniyat, voqelik, hodisa, moxiyat va b.