KISHINYOV — Moldaviya Respublikasi poytaxti. Bik daryosi (Dnestrning oʻng irmogʻi) sohilida. T. y. stansiyasi Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —3,5°, iyulniki 21,5°. Aholisi 700 ming kishi (1990-y. lar oxiri; shahar maʼmuriyatiga boʻysoʻngan aholi punktlari bilan birga). Kishinyovda 3 shaxar tumani bor.
Hozirgi Kishinyov oʻrnida katta qishloq boʻlganligi haqidagi dastlabki maʼlumot 1466-y. ga mansub. 17-a. ning 2-yarmida Kishinyov shaharga aylangan. 16-a. boshlaridan 1812-y. gacha Moldaviya knyazligi tarkibida Turkiyaga qaram boʻlgan. 1812-y. da Rossiya imperiyasi Bessarabiyani bosib olgan. 1818-y. dan Kishinyov — Bessarabiya viloyati markazi. 1873-y. dan yangidan tuzilgan Bessarabiya gubernyasi tarkibiga kirgan. Kishinyovda 1918-y. 1(14) yanv. da shoʻrolar hokimiyati oʻrnatildi. Oʻsha yili yanv. da shahar Ruminiya tasarrufiga oʻtdi. 1940-y. 2 avg. da Moldaviya Sovet Respublikasi toʻzilgach, Kishinyov uning poytaxti, 1991-y. da shoʻrolar imperiyasi qulagach, mustaqil Moldaviya Respublikasi poytaxti boʻldi.
Kishinyovda mashinasozlik (q. x. mashinalari, savdo va oziq-ovqat sanoati jihozlari, sovitkichlar, elektr oʻlchash priborlari, televizorlar va b.), oziqovqat (vino, meva-sabzavot konserva, tamaki), yengil (koʻn poyabzal, trikotaj va b.) kimyo, yogʻochsozlik (shu jumladan, mebel) sanoati korxonalari bor. Moldaviya FA, 7 oliy oʻquv yurti (shu jumladan, Moldaviya un-ti), 5 teatr, 9 muzey (shu jumladan, oʻlkashunoslik, tarix, badiiy, A. S. Pushkin muzeylari) mavjud. Cherkov (18-a.), kafedrali sobor (19-a.) va Zafar toki (hozir Gʻalaba toqi; 19-a.) saqlangan. 60—80-y. larda yangi sanoat va turar joy binolari qurilgan.