KOGON (1935-y. gacha Yangi Buxoro deb atalgan) — Buxoro viloyatidagi shahar (1929-y. dan); Kogon tumanining maʼmuriy markazi. T. y. tuguni. Kanpir devor qoldiqlari ichkarisidagi obod yerda. Viloyat markazi Buxorodan 12 km jan.-sharkda, Buxoro—Qarshi avtomobil yoʻli yoqasida. Shahar 220 m balandlikdagi tekis yerda joylashgan. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —0,6°, iyulniki 29,6°. Yillik yogʻin 125 mm. Xargush kanalidan suv oladi. Mayd. 14,7 km2. Aholisi 53,3 ming kishi (2002), asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholisining aksari qismi t. y. transportida ishlaydi.
Oʻtgan asrlarda Kogon oʻrnida shu nomda qishloq va yirik somon bozori boʻlgan. Shahar nomining kelib chiqishi ham shu somon bozori bilan bogʻliq degan taxminlar mavjud. Shundan kelib chiqib «kohkon» (koh fors. — somon), yaʼni somon koni atamasi haqiqatga yaqinroq. Keyinchalik bu nom oʻzgarib Kogonga aylangan boʻlishi mumkin. Kogon etimologiyasining boshqa, ishonchsiz variantlari ham bor. Shahar sanoat tarmoqlarining shakllanishi Buxoro amirligi davrida mahalliy aholi kuchi bilan qurilgan (1888) Zakaspiy (Krasnovodsk — Toshkent) t. y. ning Yangi Buxoro orqali oʻtishi bilan bogʻliq. 1920-y. largacha Kogonda yogʻ z-di qurilgan, toshbosma (unda Narshaxiyning «Buxoro tarixi» va b. asarlar bosilgan), t. y. idorasi qoshida maktablar, paxta firmalari, turli savdo banklarining boʻlimlari ochilgan. Keyingi davrda yangi sanoat korxonalari va madaniy obyektlar qurildi. Gazli — Kogon gaz quvuri oʻtkazildi, 1959-y. da gaz kompressor st-yasi barpo qilindi.
Kogonda 20 dan ortiq yirik korxona faoliyat koʻrsatadi. Paxta tozalash, yogʻ, gipsohak z-dlari, 2 avtokorxona, lokomotiv va vagon depolari va b. mavjud. Kogon avtomobil yoʻllari orqali viloyat markazi va b. shaharlar bilan bogʻlangan. Shaharda 10 umumiy taʼlim maktabi, litsey, kasbhunar maktabi, 2 madaniyat va istirohat bogʻi, 2 klub, 3 madaniyat uyi, 9 jamoat kutubxonasi, stadion, 20 dan ortiq sport inshootlari bor. 2 kasalxona (har 10 ming aholiga 33,6 vrach, 88,1 tibbiy hamshira) mavjud.
Kogonda tarixiy-meʼmoriy yodgorliklardan Shohmasjid, Shohinajib (Zirobod) masjidlari, Buxoro amiri Abdulahadxoniint 1894—1903-y. larda Yevropa va Sharq uslublarini uygʻunlashtirib qurdirgan hashamatli saroyi (1947-y. dan shahar temiryoʻlchilari madaniyat saroyi) saqlanib qolgan.