KOMILOV Najmiddin (1937.5.10, Panjikent tumani, Tojikiston) — adabiyotshunos olim, filol. fanlari d-ri (1975), prof. (1991). SamDUning filol. f-tini tugatgan (1965). Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh tahririyatida katta muharrir (1970—71). ToshDUda katta oʻqituvchi (1971—75). Toshkent sharqshunoslik in-ti kafedra mudiri (1991—94; 2001-y. dan). Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant (1994—95). Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi prorektori (1995—99). Oʻzbekiston Respublikasi markaziy saylov komissiyasi raisi (1999-2001).
Komilov dastlab tarjima va qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjima tarixining nazariy masalalari boʻyicha tadqiqotlar olib bordi. Matnshunoslik va adabiy janrlar taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalarni oʻrgandi. Keyingi yillarda uning ilmiy faoliyati tasavvuf tarixi, asosiy yoʻnalishlari, tariqat, shariat, haqiqat tushunchalariga qaratildi. Shu yoʻnalishda u Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Ibn Arabiy, Nasafiy, Bahouddin Naqshband taʼlimotlari mohiyatini ochib berdi. Farididdin Attorning «Ilohiynoma», S. Valadning «Maorif», A. Nasafiyning «Zubaydat ul-haqoyiq» va Husayn Voiz Koshifiyning «Futuvvatnomai sultoniy» asarlarini tarjima qildi. Komilov «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» bosh tahrir hayʼati aʼzosi (1997-y. dan).
As: Doʻstlik koʻpriklari, T., 1979 (hamkorlikda); Ibn Sino va Dante, T., 1983; Bu qadimiy sanʼat, T., 1988; Najmiddin Kubro, T., 1995; Tafakkur karvonlari, T., 1999; Tasavvuf yoki komil inson axloqi, T., 1999; Tasavvuf. Tavhid asrori, T., 1999; Faqr nuri porlagan qalb, T., 2001.