KONSERT

KONSERT (lot. concerto — musobaqalashaman) — 1) oldindan eʼlon qilingan dastur asosida sanʼatkorlarning maxsus joy (zal, sahna)da chiqishi; musiqa, adabiy, estrada asarlarini ommaviy ijro etish. Konsert dastlab mumtoz (simfonik, kamer, yakkaxon vokal hamda yakkanavoz cholgʻu va b.) musiqa asarlarini ijro etilishi hamda tinglanishi uchun tashqil etilgan jamoa tadbiri sifatida namoyon boʻlgan. Birinchi Konsertlar 1672—78 y. larda Londonda skripkachi J. Banister tomonidan uyushtirilgan. 19-a. da esa Konsertlarni turli musiqa jamiyatlari, filarmoniyapar tomonidan tashqil etilishi rivoj topgan. Hozirda Konsert atamasi badiiy mazmuniga hamda namoyon boʻlish joyiga qarab — adabiy, raqs, kino, estrada Konsertlari, radio—K. i va b. maʼnolarda talqin etiladi. Oʻzbekistonda Konsertlarni «Oʻzbeknavo», «Oʻzbekraqs», «Oʻzbekteatr» davlat birlashmalari, Oʻzteleradiokompaniyasi, Madaniyat ishlari vazirligi va b. uyushtiradi;

2) Yevropa mumtoz cholgʻu musiqasi janri, bir yoki bir necha yakkanavoz sozlar va orkestr uchun yozilgan musiqa asari. 17a. oxiri — 18-a. 1-yarmida Yevropa sanʼatida vujudga kelgan (A. Vivaldinnt skripka va orkestr uchun Konsert lari). Yakkanavoz cholgʻu bilan orkestr (yoki cholgʻu guruhlari) oʻrtasida ijo-diy musobaqa, munozara K. ning oʻziga xos xususiyatidir. Vena klassik maktabi vakillari ijodida Konsertning sonata – simfonik turkumidan iborat yuksak namunalari yuzaga kelgan. L. Betxoven K. ning simfoniyalashuvini boshlab berdi. F. List bir qismli Konsert shaklini ijod qildi. Konsert janri, ayniqsa, 19-(N. Paganini, F. Shopen, R. Shuman, I. Brams, K. Sen-Sans, P. Chaykovskiy va b.) va 20-a. lar (B. Bartok, S. Prokofyev, M. Ravel, S. Raxmaninov, Ya. Sibelius, I. Stravinskiy, P. Xindemit, D. Shostakovich, A. Xachaturyan, Q. Qorayev, A. Shnitke va b.) da keng rivoj topdi. Oʻzbekistonda Konsertning ilk namunalari 1940-y. larda paydo boʻldi (G. Mushelning fortepiano K. lari). Keyinchalik Ik. Akbarov, B. Giyenko, F. YanovYanovskiy, S. Jalil, R. Abdullayev, N. Gʻiyosov, A. Ergashev va b. ning ayrim sozlar, turli orkestrlar uchun yaratilgan Konsertlari diqqatga sazovor. I. Hamroyev, M. Bafoyev, P. Xoliqov, A. Otajonov va b. oʻzbek xalq cholgʻulari uchun Konsertlar yaratishgan.

Prev Article

KONSERN

Next Article

KONSERTMEYSTER