KORIZ

KORIZ (fors.) — yer osti suvlarini yigʻish va ularni yer yuzasiga chiqarish uchun quriladigan yer osti inshooti; aholini suv bilan taʼminlash va sugʻorish maqsadlarida qoʻllaniladi. K. Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan. Oʻrta Osiyoning togʻli va togʻ oldi zonalarida uchraydi. Turkmaniston (Ashxobod sh. yaqinida chuq. 100 m, suv sarfi 150—225 l/s), Oʻzbekistonning Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlarida 200 ga yaqin Koriz qazilgan. 20-a. ning 20-y. lariga qadar Oʻrta Osiyoda Koriz suvlaridan ekinlarni sugʻorishda foydalanilgan. Koriz kavlash yer osti suvlari sathida roʻy beradigan oʻzgarishlar va joy relyefidagi nishablikni aniq belgilashni talab etgan. Bu maxsus asboblar (astrolyabiya, vaterpas) vositasida amalga oshirilgan. Koriz trassasi belgilab chiqilgach, shu trassa boʻylab har 5—40 m da quduqlar kavlangan. Quduqlarning chuq. 14—15 m dan baʼzan 60—70 m gacha borgan. Quduqlar suvli qatlamga tutashadigan lahim (tunnel) orqali bir-biriga birlashtirilgan. Lahimning bal. 1,5 m, eni 1 m boʻlib, devorlari yogʻoch yoki toshlar bilan mustahkamlangan, uzunligi joy nishabligiga qarab bir necha km gacha choʻzilgan. Mas, Nurota (Navoiy viloyati)dagi «Maston» nomli Korizning 280 qudugʻi boʻlib, bosh qudugʻining chuq. 14 m va lahimning oʻz. 3 km boʻlgan. Koriz qurilishi davrida bu quduqlar tuproq-shagʻalni chiqarib tashlashga, Korizni ishlatish davrida esa kuzatish (nazorat), tiklash, tuzatish va havo almashtirish uchun xizmat qiladi.

Oʻrta hisobda 1 m uzunlikdagi suv yigʻuvchi quduq 0,3—0,6 l/s suv beradi. Koriz kavlashda bir qancha korizchi jamoalar oylab va yillab lahim hamda quduqlar qazib, minglab kubometr tuproq va shagʻal qazib chiqargan. Nurotada qadimgi Koriz lardan koʻpi koʻmilib ketgan. Mastak, Zulm, Zulfiqor, Mozor, Xayrobod, Sulton, Maston, Koʻnchi, Begli, Tayla, Korizchi singari 30 dan ortiq Koriz boʻlgan. Ayrim Koriz larning nomidan ularning qazilish tarixi, yili chiqadi. Mas, Zulm Korizning nomidagi harflar yigʻindisidan abjad hisobida hijriy 970 — mil. 1533—1534-y. lar va Zulfiqor K. dan hijriy 1118 — mil. 1706 yoki 1707-y. raqamlari chiqadi.

Masharif Boqiyev.

Prev Article

KORJENEVSKIY MUZLIGI

Next Article

KORINF