KORPORATSIYA

KORPORATSIYA (lot. corporatio — birlashma, uyushma, hamjamiyat) — rivojlangan yirik aksiyadorlar jamiyati, biron bir faliyat uchun uyushgan huquqiy va jismoniy shaxslar majmui. Korporatsiya bir kasb yoki faoliyat sohasida fuqarolarni birlashtirishi ham mumkin. 19-a. oʻrtalarida paydo boʻlgan. Hoz. bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda xoʻjalikning barcha tarmoqlarida asosiy mavqega ega. Korporatsiyalar negizini aksiyadorlik jamiyatlari tashqil qiladi. 20-a. ning 2-yarmidan xalqaro Korporatsiyalar keng rivoj topdi. Aksariyat hollarda Korporatsiyalar bir xil mahsulotlarning asosiy ishlab chikaruvchilarini birlashtiradi, natijada i. ch. monopollashadi. Ayni paytda Korporatsiya investitsiya kapitalining markazlashuviga yordam beradi, ilmiytexnika taraqqiyotini, mahsulotning raqobatbardoshligi va uzoq hayotiy siklini taʼminlaydi. Mulk egaligi maqomiga koʻra, davlat, xususiy, aralash (qoʻshma) Korporatsiya larga, tarmoqlar boʻyicha sanoat, q. x., transport, aloqa va b. turdagi Korporatsiya larga boʻlinadi. Rivojlangan mamlakatlarda sanoat tarmoqlari Korporatsiyaga uyushgan hollar koʻp uchraydi (mas, «DEU» korporatsiyasi). Oʻzbekistonda birinchi Korporatsiyalar 20-a. ning 90-y. laridan boshlab sanoatning turli tarmoqlarida paydo boʻldi.

Next Article

KORPUS