KOSMIK GEODEZIYA — geodezitning maxsus boʻlimi; unda ilmiy va amaliy muammolar yer sunʼip yoʻldoshlari tizimi va b. kosmik apparatlar hamda Oyni kuzatish orqali yechiladi. Kosmik geodeziyaning asosiy vazifalari: xalqaro miqyosda qabul qilingan dastur orqali Yer sirtidagi nuqtalarning oʻzaro joylashishlarini aniqlash; referens-ellipsoid markazini Yerning ogʻirlik markaziga nisbatan aniqlash; punktlarning mutlaq koordinatalarini Yer ogʻirlik markaziga nisbatan topish va yagona dunyoviy koordinatalar tizimini yaratish; barcha geodezik tizimlar orasidagi bogʻliqlikni taʼminlash; Yerning tashqi gravitatsiya maydoni va Yer shaklini aniqlash; geodeziya fanining baʼzi fundamental oʻzgarmas miqdorlarini uzluksiz ravishda aniqlab turish. Kosmik geodeziyaga oid dastlabki ishlar 18-a. 2-yarmida amalga oshirilgan. Lekin 20-a. ning 60-y. laridan boshlab, Kosmik geodeziya masalalarini hal etishda Yer sunʼiy yoʻldoshlaridan foydalanib kelinmoqda. Kosmik geodeziyaning geometrik va dinamik masalalari ham bor. Yer sirtidagi va kosmik apparat yuzasidagi nuqtalarning oʻzaro vaziyatini biror koordinata sistemasida aniqlash geometrik masala; kosmik appa-ratlarning orbita elementlari asosida Yer gravitatsiya maydoni parametrlarini aniqlash dinamik masala hisoblanadi.