KOʻZOYNAK

KOʻZOYNAK — koʻzning koʻrish qobiliyatidagi nuqsonlarni tuzatish, uni mexaniq shikastlanishdan, yorugʻlik, chang va b. dan himoya qilish uchun qoʻllaniladigan oddiy optik asbob. Birinchi Koʻzoynak 13-a. da niderdandlarda ishlatilgan. Koʻzoynak linza (oynak) va gardishdan iborat. Bosh fokusining holatiga qarab oynak yoki linza yigʻuvchi (qanariq) va sochuvchi (botiq) xillarga boʻlinadi. Koʻzoynakda ishlatiladigan linzalar sferik sirtining botiklik yoki qavariqlik darajasi (egrilik radiusi) turlicha boʻladi; sirtning egrilik radiusi katta boʻlsa, linzaning nur sindirish kuchi — optik kuchi katta boʻladi. Optik kuchi kichik yigʻuvchi oynak uzoqdan koʻrishda, optik kuchi katta sochuvchi oynak esa yaqindan koʻrishda qoʻllanadi. Optik kuchi katta boʻlgan koʻzni tuzatish uchun manfiy optik linza (botiq), optik kuchi kichik boʻlgan koʻzni tuzatish uchun musbat optik linza (qavariq) tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, Koʻzoynak linzalarining sferik va silindrik xillari ham bor. Sferik Koʻzoynakda nur sindirish kuchi barcha yoʻnalishlarda bir xil, silindrik Koʻzoynakda esa turli yoʻnalishlarda turlicha, (silindrik linzalar ham qanariq va botiq) boʻladi; astigmatizmga chalingan koʻzning optik nuqsonini yoʻqotishda silindrik, sferik-silindrik Koʻzoynak qoʻllanadi. Linzaning nur sindirish kuchi (optik kuchi) dioptriyalarda oʻlchanadi. Koʻrish quvvati keskin pasayganda teleskopik Koʻzoynak (buyumning koʻzning toʻr pardasida hosil boʻladigan tasvirini yaxshilash uchun 2—3 juft linzadan iborat Koʻzoynak) dan foydalaniladi. Koʻz gʻilay boʻlganda prizmatik Koʻzoynak taqish tavsiya etiladi. Himoya Koʻzoynak har xil maqsadda, mas, koʻzni uta ravshan yorugʻlikdan (payvandlashda), uni mexaniq shikastlanishdan, quyosh nuri va b. taʼsiridan, chang, gaz va h. k. dan himoya qilishda, shuningdek, suvda suzishda taqiladi.

Koʻzoynak gardishi oynaklarning koʻzga nisbatan toʻgʻri joylashuviga yordam beradi. Gardish tanlanganda kanshar balandligi, oynaklar bilan qorachiqlarning markazlari oʻrtasidagi masofa hisobga olinadi. Koʻz optik nuqsonsiz (sogʻ), yaʼni qorachigʻining oldi va orqa fokuslari orasidagi masofa teng (23 mm ga yaqin) boʻlsa, ravshan koʻradi. Buyumdan keluvchi nurlar fokusi koʻzning toʻr pardasiga tushea, koʻz buyumni aniq koʻradi. Nurning fokusi tur parda oldiga (yaqindan koʻrish) yoki uning orqasiga (uzoqdan kurish) tushishi mumkin. Har ikkala holda buyum tasviri tur pardada aniq hosil boʻlmaydi, koʻz oʻtkirligi kamaygan hisoblanadi. Bu nuqson Koʻzoynak bilan tuzatiladi (korreksiyalanadi). Koʻzoynak bilan koʻzni korreksiyalash uchun vrach-okulist maxsus asbob yordamida linzalar tanlaydi. Bunda vrach koʻzning oʻziga xos optik nuqsonlarini, kishining yoshini, kasbini va b. shaxsiy xususiyatlarini hisobga oladi. Vrach maslahatisiz boshqalarning Koʻzoynak idan foydalanish mumkin emas.

Prev Article

KOʻZMUNCHOQ

Next Article

KOʻZOYNAKLI ILON