KUZATISH (psixologiyada) — voqelikdagi narsa va hodisalarni rejali, uzluksiz, batartib, mukammal idrok qilish; voqelikni hissiy bilish uslubi. Kuzatish Aristotel zamonidan hoz. davrgacha kuzatuvchilarning asosiy tadqiqot vositalaridan biri sanaladi. U hissiy bilishning omillari, xususiyatlari, qonuniyatlari toʻgʻrisida dastlabki tasavvurlar hosil qilishga qaratilgan inson faoliyati shaklidir. Kuzatishning qay darajada boʻlishi qoʻyilgan maqsadning aniqligiga, kuzatilayotgan narsa va voqealar haqida oldindan bilimga ega boʻlishga, kuchli, barqaror diqqat bilan faol fikrlashga va h. k. ga bogʻliq. Kuzatishda idrok va tafakkur uzviy bogʻlanadi. Kuzatishda tegishli xulosalar chiqariladi, fakt, voqealar nazariy tahlil etiladi, farazlar olgʻa suriladi. Kuzatishning obyektiv (tashqi Kuzatish) va subyektiv (ichki, oʻzinioʻzi Kuzatish) turlari mavjud. Kuzatish orqali odamlarning diqqati, his-tuygʻulari, imoishoralari, sezgirligi, xulq-atvori, nutqi, faoliyati, muomala maromi va b. oʻrganiladi. Oʻzini-oʻzi Kuzatish (introspeksiya)dan foidalangan psixolog oʻzining xulqi, muomalasi toʻgʻrisida ilmiy, haqqoniy xulosa chiqara biladi. Vyursburg psixologiya maktabi (Germaniya) namoyandalari K. Byuler (1879 — 1922), A. Messer (1867-1937), O. Kyulpe (1862— 1915) psixologik tajribalarni dastavval oʻzini-oʻzi Kuzatish metodi yordamida oʻzlari ustida oʻtkazganlar.
Kuzatish voqelik sodir boʻlishini, atrof muhitni, inson shaxsini muayyan qismlarga, yoʻnalishlarga fikran ajratish; K. ning koʻlami, xususiyati va oʻziga xosligini aniqyaash; barcha holat, alomat, tashqi koʻrinishning oʻziga xosligini qayd qilish; toʻplangan materiallarni matematik statistik hisoblash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Kuzatishning sistemali, epizodli, dala sharoitli, laboratoriyaviy, tabiiy, davriy (bir martali) koʻrinishlari, shuningdek, turli vositalari va shakllari mavjud. Kuzatishda R. Beylzaning interaksiya (oʻzaro taʼsir) uslubini (bahs, munozara chogʻida oʻzaro taʼsir imkonini aniqlash maqsadida) qoʻllash ijobiy natijalar beradi.
Ergash Gʻoziyev.