LAHJA, dialekt — umumxalq tilining muayyan chegaralangan hududda joylashgan kishilar jamoasida bevosita aloqa vositasi sifatida qoʻllanuvchi va nisbatan yaxlit lisoniy tizim bilan ajralib turuvchi koʻrinishi. Lahja bir qator kattaroq til tuzilmasi tarkibiga kiradi, ushbu butunlikning boshqa qismlariga, boshqa Lahja lariga qarshi qoʻyilib, taqqoslanadi va ular bilan umumiy xususiyatlarga ega boʻladi. Hududiy Lahjalar tovushlar tarkibi, grammatika, soʻz yasalishi, leksika nuqtayi nazaridan muayyan tafovutlarga ega boʻladilar. Bunday farqlar sezilmas darajada boʻlib, aniq, bir tilning turli Lahja larida soʻzlovchilar bir-birini yaxshi tushunishadi ( mas, oʻzbek tili L. va shevalari), boshqa tillarning Lahja lari bir-biridan kuchli farq qilib, bunda turli Lahja larda soʻzlovchilarning oʻzaro aloqasi qiyinlashadi yoki mumkin boʻlmaydi (mas, nemis, xitoy tillari Lahjalari). Lahja umumxalq tilining quyi bosqichi hisoblanadi, u shevaga nisbatan keng maʼnoga ega boʻlib, shevalar yigʻindisidan tarkib topadi. Mas, etnogenetik jihatdan koʻp tarkibli boʻlgan oʻzbek tilida 3 ta asosiy Lahja farqlanadi: qorluq-chigil-uygʻur Lahjasi — Fargʻona vodiysidagi, Toshkent va Zarafshon vohalaridagi shaharlar va ularga yaqin aholi maskanlari shevalarini oʻzi ichiga oladi; qipchoq Lahjasi — Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Shim. Xorazmdagi hamda Fargʻona va Ohangaron vodiylaridagi «j»lovchi oʻzbek shevalarini oʻz ichiga oladi; oʻgʻuz Lahjasi — Jan. Xorazm (Urganch, Xiva, Xonqa, Hazorasp va b.) va Turkmanistondagi oʻzbek shevalaridan iborat. Mazkur Lahja larning fonetikasi, grammatikasi va lugʻat tarkibida bir-biridan farq qiluvchi xususiyatlar mavjud, lekin bu farqlar ularni birbiridan keskin ajratmaydi. Bu L. lar oʻzbek xalqi va tilining paydo boʻlishi va rivojlanishida yetakchi oʻrin egallab, qoz. oʻzbek adabiy tilining shakllanishi va undagi ayrim lisoniy hodisalarning barqarorlashishida ishtirok etgan. Qorluq Lahja sining Toshkent va Fargʻona tip shevalari hoz. oʻzbek adabiy tilining tayanch shevalari hisoblanadi. Oʻzbek adabiy tili hozir ham Lahja lardagi eng ifodali, koʻp maʼnoli soʻzlar va iboralar, maqbul grammatik shakllar hisobiga boyib bormoqda. Abduvahob Madvaliyev.