LEKSIKA

LEKSIKA (yun. lexis — soʻzga oid, lugʻaviy) — tildagi barcha soʻzlar va iboralar yigʻindisi, tilning lugʻat tarkibi. L. maʼlum qonun-qoidaga boʻysunuvchi izchil va murakkab tizimdan iborat. Til L. si toʻxtovsiz oʻzgarib turadi. Bu narsa lugʻat tarkibida yangi soʻzlarning paydo boʻlishi, mavjud soʻzlardan ayrimlarining eskirib, isteʼmoldan chiqishi, leksik maʼnosini uzgartirib, yangi maʼno kasb etishi kabi jarayonlarda koʻrinadi. Jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy tuzumning oʻzgarishi bilan uzviy bogʻlangan holda Leksika boyib boradi. 20-a. da barcha xalqlar qatori oʻzbek xalqi Leksikasi ham tezlik bilan oʻsib, taraqqiy etdi. Oʻzbek tili L. siga baynalmilal soʻzlar keng koʻlamda kirib keldi. Buning ustiga fan va turli sohalar terminologiyasi ham toʻxtovsiz oʻsib bormoqda. Oʻzbek tili Leksikasida oʻz va oʻzlashgan qatlam, shuningdek, oʻz qatlam tarkibida umumturkiy suzlar va ulardan yasalgan oʻzbekcha suzlar mavjud. Oʻzlashma qatlam tarkibida forscha, arabcha, ruscha-baynalmilal soʻzlar bor. Oʻzbek tili Leksikasi zamonaviyligi jihatdan 3 asosiy qatlamga bulinadi:

1) zamonaviy qatlam — eskilik va yangilik boʻyogiga ega boʻlmagan soʻzlar. Shu qatlamga oid soʻzlar oʻzbek tili Leksika sining asosini tashkil qiladi;

2) eski qatlam — hozirda ham isteʼmolda boʻlgan istorizmlar, arxaizmlar bu qatlamga kiradi;

3) yangi qatlam — yangi Leksika deb xam yuritiladi. Lugʻaviy birliklar ishlatilish doirasi jihatdan 2 qatlamga ajratiladi:

1) ishlatilish doirasi chegaralanmagan soʻzlar. Maʼnosi shu tilda soʻzlovchilar uchun tushunarli va umumqoʻllanish xususiyatiga ega boʻlgan suzlar umumisteʼmoldagi chegaralanmagan Leksika sanaladi;

2) ishlatilish doirasi chegaralangan soʻzlar — til lugʻat tarkibining ajralmas qismi boʻlib, uning tarkibiga dialektal, terminologii kasb-hunar Leksikasi, ilmiy atamalar, jargon va argolar, vulgarizm va varvarizmlar kiradi. Lugʻaviy birliklar nutq koʻrinishlari jihatdan adabiy va soʻzlashuv nutqiga xoslangan boʻladi. Leksika termini biror muallif yoki asar L. si kabi tor maʼnoda ham qoʻllanadi: Navoiy L. si, «Oʻtgan kunlar» romani Leksika si. Ad.: Tursunov U., Muxtorov J,, Rahmatullayev Sh., Hozirgi oʻzbek adabiy tili, T., 1965. Bozorboy Oʻrinboyev.

Prev Article

LE KORBYUZYE

Next Article

LEKSIKOLOGIYA