LUVR

LUVR (Louvre) — jahondagi eng yirik muzeylardan. Parijdagi mashhur meʼmoriy yodgorlik — sobiq qirollik qarorgohi binosida joylashgan. 1791-y. da Inqilobiy Konvent dekreti bilan milliy badiiy muzey sifatida asos solingan va 1793-y. 8 noyab. dan omma uchun ochilgan. Luvr fondini sobiq qirollik toʻplami, shuningdek, monastir, cherkov va aslzoda oilalarning musodara qilingan toʻplamlari tashkil qildi; Napoleon yurishlarida qoʻlga kiritilgan, turli davlatlardan sotib olingan, koʻplab hadya qilingan sanʼat asarlari bilan boyib bordi. Muzey 6 boʻlimdan iborat: tasviriy va amaliy sanʼat, qaykaltaroshlik (oʻrta asrlar, Uygʻonish davri, keyingi davr), Yunon va Rim yodgorliklari, Kad. Sharq yodgorliklari, Qad. Misr yodgorliklari. Bular orasida Sharq yodgorliklari dunyo boʻyicha muhim ahamiyatga ega; fransuz sanʼati (ayniqsa, kartinalar galereyasi) juda mukammal. Luvrda jahonga mashhur (Mikelanjelo, Leonardo da Vinchi, Rafael, Titsian, Rembrandt, Rubens va b.) nodir sanʼat asarlari toʻplangan. Muzey ekspozitsiyasi xronologik tartibda va milliy maktablar tarzida, hadya etilgan yirik xususiy toʻplamlar alohida joylashtirilgan.

Luvr binosi Parijning tarixiy qismidagi asosiy meʼmoriy yodgorlik boʻlib, 13-a. boshi — 14-a. larda eski qasr oʻrniga qurilgan. 1546—74 y. larda meʼmor P. Lesko renessans usulida saroy qurgan, haykaltaroshlik bezaklarini J. Gujon ishlagan. Binoni kengaytirish va qayta qurish (J. Lemersye, 1624-y. dan; L. Levo, 1661—64; K. Perro, 1667—74; L. Viskonti va E. Lefyuel, «Yangi Luvr», keyinchalik Kartinalar galereyasi) 20-a. ning oxirlarigacha davom etdi.

Prev Article

LUBOK

Next Article

LUGANO