MAYIZ

MAYIZ — oftobda, soyada yoki maxsus quritgich mashinalarda quritilgan uzum gʻujumi. Mayizbop uzum navlaridan tayyorlanadi. Quritish usuliga koʻra, avlon (turli nav uzumlari oftobda quritiladi), bedona, garmiyon, sabza, soyaki va b. turlari bor. M. solishning oddiy usulida uzum boʻyra, bordon yoki suvalgan maydonga yoyilib quritiladi. Bu usulda uzum 20—30 kunda quriydi. Ishqor eritmasiga botirib olingan uzum 7—10 kunda qurib, 24—30%, maxsus qurilgan soyakixonada esa 4—8 haftada qurib, 23—25% M. tushadi. Oʻzbekiston FA «Asbobsoz» birlashmasida Mayiz quritishda qoʻllaniladigan maxsus mashinalar (mayiz quritgichlar) yaratilgan. Bu mashinalar Mayizni oftobda quritishda chang bilan ifloslanishning oldini oladi. Mayiz tarkibida quruq moddasiga nisbatan 79,5-87,5% gacha qand, 0,5-3% organik ktalar, 2,1—2,9% azotli moddalar, 1% kletchatka, 2—2,9% kul va b. bor. Mayiz namligi 18%dan ortiq boʻlmasligi kerak. Quritilgan uzum chang, turli aralashmalardan tozalanadi, standart qutilarga, qoplarga joylanadi. Aʼlo navli Mayizlar Oʻzbekiston, Tojikiston, Eron, Afgʻoniston, Italiya, Avstraliya va b. mamlakatlarda tayyorlanadi.

Prev Article

MAYER TENGLAMASI

Next Article

MAYIN SHOʻRXOK