MAYYA

MAYYA, axkex (yukateklar) — Meksika, Gvatemala (Yukatan ya. o.) va Belizda yashovchi indeys xalqi. Umumiy soni 700 ming kishi. Meksikada 670 ming kishi (1990-y. lar oʻrtalari) yashaydi. Mayyakiche oilasiga kiruvchi mayya tilida soʻzlashadi. Dindorlari — katoliklar, lekin amalda qad. diniy eʼtikrdlar saqlangan. Mayya dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik, baliqchilik va asalarichilik bilan shugʻullanadi. Mayya avlodlari Jan.-Sharqiy Meksika, Gonduras, Gvatemala hududlarida mavjud boʻlgan Amerikaning eng kad. madaniyati (Olmek madaniyati bilan bogʻliq)ni yaratganlardan hisoblanadi. Mil. 1ming yillikda Mayya larda toshdan yasalgan inshootlari boʻlgan shaharlar vujudga kelgan. 9-a. da Mayya larning koʻpchilik shaharlari tolteklar boshchiligidagi indeys qabilalari bostirib kelishi natijasida vayron boʻlgan. 10-a. da Yukatanda yangi mayyatoltek davlati vujudga kelgan, u keyinchalik bir qancha mustaqil shahardavlatlarga parchalanib ketgan. Mayyalar jamiyatida huk-mron qatlamni harbiy zodagonlar va kohinlar tashkil etgan. Mayya larda urugʻchilik munosabatlari qoldiklari saqlangan, qulchilik rivojlangan. Qishloq aholisi turli majburiyatlarni oʻtagan. Shaharlarda hunarmandchilik taraqqiy etgan. Mayyalar oʻzlarining iyeroglif yozuvlarini ixtiro etishgan (q. Mayya yozuvi). M. lar matematika, tibbiyot, astronomiya (xususan, q. x. ishlari muddatini belgilovchi puxta ishlangan taqvim) sohasida ilmiy bilimlarga ega boʻlishgan. Mayyalar, ayniqsa, yomgʻir va shamol maʼbudlariga qattiq eʼtiqod qilganlar. 16-a. boshlarida Markaziy Amerika ispan mustamlakachilari tomonidan bosib olingandan keyin Mayyalar kalin tropik oʻrmonlarga koʻchib oʻtib, 20-a. boshlarigacha amalda oʻz mustaqilliklarini saklab keldilar. 100 dan ortiq shahar xarobalari saqlangan. Eng yiriklari — Chichen Isa, Kopan, Mayyapan, Ushmal, Tikal (yana q. Indeyslar).

Prev Article

MAYYA

Next Article

MAYYA YOZUVI