MUAMMO

MUAMMO (arab. — koʻr, koʻr qilingan) — oʻzbek mumtoz adabiyotida sheʼriy janr; poetik sanʼat turi. Unda biror soʻz, ism (yoki bosh harflari), sana va b. yashirib beriladi. Koʻpincha 1 bayt, baʼzan 2 baytdan iborat boʻlib, unda biror soʻz yoxud fikr soʻz oʻyini asosida yashiringan boʻladi. Agar sheʼriy bayt boshdan oxir shu asosga qurilgan va tugallangan boʻlsa, Muammo deyiladi. Shunchaki baytlar orasida kelsa, sheʼriy vosita, poetik sanʼat deb qaraladi. Muammoni tuzish (yaratish) va ochish (yechish)ning bir necha usullari mavjud. Koʻpincha undagi biror soʻz ochqich vazifasini oʻtaydi. Arab tili grammatikasi qoidalari, arab alifbosi harflarining shakliy ramzlari, abjad hisobi va b. ni bilish Muammo uchun zarur. Oʻzbek mumtoz adabiyotida Muammo chilik zexn va idrokni tarbiya qilish maktabi hisoblangan. Shoirning mahorati Muammoni yecha olish qobiliyatiga qarab belgilangan.

Dastlab Sharafiddin Ali Yazdiy («Hulali mutarraz dar fanni muammo va lugʻz» — «Muammo va lugʻz fani toʻgʻrisida bezatilgan ipak kiyimlar»), soʻng Abdurahmon Jomiy («Risolai muammoi kabir» — «Muammo haqida katta risola»; «Risolai muammoi sagʻir» — «Muammo haqida kichik risola»), Alisher Navoiy («Risolai mufradot») va b. M. yozish qoidalari xaqida asarlar yozganlar. Navoiyning 500 ga yaqin, Boburning 600 ga yaqin Muammo lari yetib kelgan.

Ad.: Atoulloh Husayniy, Badoyi ussanoyi, T., 1981; Orzibekov R., Lirikada kichik janrlar, T., 1976.

Prev Article

MUALLIFLIK TABOGʻI

Next Article

MUASSAN