MURODOV Abduqodir (1893 – Toshkent — 1974.6.3) — xattot, sharqshu-nos olim. Abulqosim madrasasida tahsil koʻrgan (1907—17). Dastlab oʻqituvchi, keyin Oʻzdavnashrda xattot boʻlib ishlagan. Navoiy yubileyi qoʻmitasida ilmiy xodim (1940—42), 2-jahon urushi qatnashchisi. 1944-y. dan Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida ilmiy xodim, xattot boʻlib ishlagan. In-t fondidagi qoʻlyozmalarni oʻrganish, tartibga keltirish, muallifi va kotibini aniqlashda katta xizmat qilgan, in-t fondidagi qoʻlyozmalarga mualliflar katalogini tuzgan. 30 ga yaqin kitob koʻchirgan. Arab tilidan Ibn Sinoning «Tib qonunlari» (1—3jildlar)ni, arab adabiyotidan namunalar, Yoqut Hamaviyning «Muʼjam ul-buldon» («Mamlakatlar lugʻati») asarining Oʻrta Osiyo tarixi va geogr. siga oid qismini tarjima qilgan.