NAJMIDDINOV Muhiddin hoji (1888 — Andijon — 1964) — xalq sozandasi (dutor, tanbur) va xonandasi. Bobosi Shamsiddin va otasi Najmiddin hofizlardan dutor va tanbur chalishni hamda Fargʻona — Toshkent makom yoʻllarini oʻrgangan. Toji Mubtalodan «Uzzol», «Ilgʻor», «Ajam Sheroziy», «Nasrulloyi», «Navroʻzi ajam» yoʻllarini oʻzlashtirgan. Ayniqsa, «Kurd», «Choʻli kurd», «Sayqal» va b. kuylarni dutorda mahorat bilan ijro etgan. 1924-y. N. Andijonda Hamza tashkil qilgan milliy musiqa toʻgaragida musiqa rahbari boʻlgan. Oʻzbek davlat konsert-etnografik truppasi (1926 — 28), Hamza teatri (1929—30)da sozanda. Samarqand viloyat musiqali drama teatri (1930—31) hamda 1931-y. dan Qoʻqon temiryoʻlchilar teatrida musiqa rahbari. V. Uspenskiy va I. Akbarov 1931-y. dan Najmiddinovdan bir qancha yirik kuy va ashulalar yozib olishgan.