Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

NAMANGAN MUXANDISLIKIQTISODIYOT INSTITUTI

NAMANGAN MUXANDISLIKIQTISODIYOT INSTITUTImuhandis va iqtisodchi mutaxassislar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti. Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat in-ti Namangan filiali negizida 1992-y. tashkil etilgan. In-t tarkibida 5 f-t (iqtisod, moliya, mexanika, texnologiya va sirtqi) bor. In-tda 17 ta kafedra, iqtidorli talabalar internati, litseyi, iqtisodiy taʼlim hududiy (regional) markazi va uning qoshida ixtisoslashgan sport boʻlimi, ilmiy va xalqaro aloqalar, maʼnaviyat boʻlimlari va iqtidorli talabalar bilan ishlash, axborotlar texnologiyalari va masofaviy oʻqitish markazi, multimedia sinflari, tayyorlov kurslari, markaziy kutubxona va shoxobcha kutubxonalar (80 ming nusxa), 4 ta ilmiy lab., «Lochin» sport-soglomlashtirish klubi, «Ziyo» kichik bosmaxonasi mavjud. In-tda darsliklar, risola va uslubiy qoʻllanmalar chop etiladi.

In-tda 9 ta yoʻnalish boʻyicha bakalavrlar tayyorlanadi, magistratura va aspirantura mavjud. In-tda 120 prof,oʻqituvchi, jumladan 7 fan d-ri va prof., 61 fan nomzodi, dotsentlar ishlaydi (2003).

In-t 2 mutaxassislik (menejment va toʻqimachilik xom ashyosini dastlabki ishlash mutaxassisliklari) boʻyicha aspirantura orkali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydi.

Magistraturada uzluksiz taʼlim tizimining yuqori malakali magistrlarini tayyorlash uchun 6 ta mutaxassislik guruhlari tashkil qilingan. In-t olimlari Moskva toʻqimachilik akademiyasi va Sankt-Peterburg texnologiya va dizayn in-ti, AQSH xalqaro rivojlanish agentligi «Yevroaziya» jamgʻarmasi va Xalqaro mehribonlik korpusi bilan hamkorlik qilib keladi. In-tda oʻtkazilgan i. t. ishlari natijasida 10 dan ortiq ixtiro qilindi va ularning aksariyati i. ch. ga joriy etildi. In-tda 2002/2003 oʻquv yilida 2300 dan ortiq talaba taʼlim oldi.