NAVOIY ISSIKLIK ELEKTR STANSIYASI — Oʻzbekistondagi yirik issiqlik elektr stansiyasi. «Oʻzbekenergiya» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida shoʻba korxona. Navoiy sh. ning Karmana tumani hududida joylashgan. 1960—81 y. larda qurilgan. Birinchi agregati 1962-y. fev. da ishga tushirilgan. Elektr st-yasining asosiy uskunalari ochiq havoda oʻrnatilgan. Asosiy yoqilgʻi turi — tarkibida oltingugurt boʻlgan tabiiy gaz hisoblanadi, ehtiyot yoqilgʻisi sifatida esa mazutdan foydalaniladi.
St-yada oʻrnatilgan quvvatlari 1250 MVt boʻlgan 11 ta turboagregat (6 ta blok), 8 bugʻ qozoni bor. Bugʻ kozonlari 540° issiklikda va 130 atm. bosimidagi bugʻni ishlab beradi. Suvni Zarafshon daryosidan oladi.
Navoiy issiklik elektr stansiyasi Oʻzbekistonning gʻarbiy-jan. hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan asosiy manbadir. St-ya Qizilqumdagi togʻ-kon va gaz sanoati korxonalariga, Navoiy «Elektrkimyozavodi», «Qizilqumsement» korxonasiga, AmuBuxoro, Qarshi magistral kanallaridagi nasos st-yalariga, Buxoro, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon sh. lari isteʼmolchilariga elektr energiyasi beradi. Shuningdek, Navoiy sh. dagi korxonalarni va kommunal-maishiy ehtiyojlarni issiq suv bilan taʼminlaydi. Elektr styasi kuchlanishi 220 ming voltli elektr uzatish liniyalari bilan Urganch sh. dagi taqsimlash qurilmasi orqali Taxiatosh issiqlik elektr st-yasiga, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand sh. laridagi taqsimlash qurilmalari orqali Oʻrta Osiyo Birlashgan energetika tizimi («Energiya» birlashgan dispetcherlik markazi)ga ulangan. 2002-y. da 5931,5 mln. kVt-s elektr energiyasi ishlab chiqarildi, isteʼmolchilarga 3042 ming Gkal issiklik yetkazib berildi.