NAVROʻZ (fors. — yangi kun) — shamsiya (quyosh) yil hisobida yilning birinchi kuni (q. Kalendar); Oʻrta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qad. anʼanaviy bayrami. Bahorgi teng kunlikka (21 yoki 22 mart), yaʼni Quyoshning Hamal burjiga kirishiga toʻgʻri keladi. Navroʻz dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami ham hisoblanadi. Navroʻz bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi ungan koʻkatlardan tansiq taomlar pishirilgan, baʼzi ekinlarni ekish boshlangan. Dastlab, Navroʻz bayramini oʻtkazish oʻtroq dehqonlarda rasm boʻlgan, keyinchalik ular orqali yarim oʻtroq va koʻchmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Asrlar utishi bilan turli xalqlarda Navroʻz bayramini oʻtkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan.
Tarixiy manbalarga koʻra, Navroʻzni bayram qilish axomaniylar davridan boshlangan va Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston xalqlarida eng katta bayramlardan biri hisoblangan. Bu oʻlkalarga islom dini kiritilganidan keyin Navroʻz bayrami man qilingan, ammo xalq oʻz sevgan bayramini nishonlashda davom etgan. Oʻrta Osiyo va Eron xalqlari arab xalifaligi hukmronligidan qutulgan davr (9—10a.)dan boshlab, Navroʻz bayramini oʻtkazish yana rasmiy tuye olgan.
Qad. paxlaviy kitoblardagi maʼlumotlarga asoslanib, Abulqosim Firdavsiy oʻzining «Shohnoma» asarida Navroʻz bayramining paydo boʻlishini afsonaviy shoh Jamshid nomi bilan bogʻlaydi. Navroʻz bayrami haqidagi maʼlumotlar Abu Rayhon Beruniyning Q«adimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» va b. asarlarida, Umar Xayyomning «Navroʻznoma» asarida uchraydi. Mahmud Koshgʻariyning «Devonu lugʻotit-turk» asarida Navroʻzga bagʻishlangan xalq qoʻshiqlari keltirilgan. Oʻrta osiyolik tarixchi olim Abu Bakr alnarshaxiy (899 — 959) oʻzining «Buxoro tarixi» asarida Navroʻz kuni Siyovush kabri boshida odamlar xoʻroz soʻyishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt oʻtganini yozgan («Buxoro tarixi», T., 1966). Oʻrta Osiyo hududida Navroʻz bayrami nishonlanganligi toʻgʻrisida boshqa manbalarda ham maʼlumotlar bor. Hoz. Oʻzbekiston hududida yashagan xalqlar ham bu kunni yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan kutib olganlar. Bir necha kun ilgari tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bugʻdoyni undirishga qoʻyilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan, koʻkat chuchvara, yalpiz somsa kabi taomlar pishirilgan, otchopar, uloq, kurash singari xalq oʻyinlari, sayillar oʻtkazilgan, bahor haqida qoʻshiqlar kuylangan. Navroʻzning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar toʻp-toʻp boʻlib xonadonlar eshigi oldida Navroʻzga bagʻishlangan qoʻshiq aytishgan. Xonadon egasi ularni sovgʻa-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bolalar yeguliklarning bir qismini qishloqdagi beva-bechoralarga ulashishgan. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlangan. Navroʻz yangi yil bayramigina boʻlib qolmay, mehnat bayrami ham hisoblangan.
Keltirilgan maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Oʻrta Osiyoda ham Navroʻz bayrami islom dini qabul kilinmasdan ancha ilgari rasm boʻlgan. Lekin, sobiq sovet tuzumi davrida (20-a. 80-y. lar oʻrtalaridan) asossiz ravishda Navroʻz diniy bayram va marosimlar qatorida man kilindi. Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyodagi boshqa mamlakatlar mustaqillikka erishgach, boshqa qadriyatlar katorida Navroʻz bayrami yana tiklandi. Hozir Oʻzbekistonda ham Navroʻz umumxalq bayramlaridan biri sifatida nishonlanadi, 21-mart dam olish kuni deb eʼlon qilingan. Har yili shu kuni respublikaning barcha viloyatlaridagi xiyobon va maidonlarda bayram sayillari tashkil qilinadi, koniyertlar beriladi. Bir necha kun mobaynida mahallalarda Navroʻzga bagishlangan tadbirlar oʻtkaziladi, sumalak, halim va b. tansiq taomlar pishiriladi. Navroʻz kunlari hokimliklar, mahallalarning faollari, xayr-ehson tashkilotlari — mexribonlik uylari bolalari, urush va mehnat faxriylari, yolgʻiz keksalar huzuriga tashrif buyurib, ularni qutlab, sovgʻa-salomlar ulashadi.
Ad.: Oʻzbekiston yuksalish yoʻlida, T., 2001; Qoraboyev U., Oʻzbek xalq bayramlari, T., 2002.
Shavkat Mirolimov.