NOZIL, Nozil Xoʻjandiy (taxallusi; ism-sharifi Avazmuhammad ibni Hojimuhammad) (1788, Xoʻjand — 1876, Qoʻqon) — shoir. Dastlabki maʼlumotni Xoʻjandsa olgach, umrining oxirigacha Qoʻqonda yashagan. Oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Asarlarining mavzui boy va rang-barang. Xajviy asarlari Maxmur hajviyasiga hamohang. Hajviy sheʼrlarini «Hashviyot-noma» kitobiga jamlagan. Asar 3297 misra —100 hajviy sheʼr: 49 muxam-mas, 33 gʻazal, 12 musaddas, 3 ruboiy, 1 murabbadan iborat. Shularning 91 tasi oʻzbek tilida. Ularda amaldorlar, makkor shaxslar, takabbur boylar, mayxoʻrlik va bangilik tanqid qilingan.
Nozil xalq maqollari va hikmatli soʻzlarni toʻplab, toʻrtliklar yaratgan va ularni «Zarbulmasal» deb nomlagan. Asar oʻzbek va tojik tillarida. 3000 irsolul masal ruboiyni oʻz ichiga olgan. Unda odamiylik, mehr-muhabbat ulugʻlangan, kamchilik va nuqsonlar tanqid qilingan. Asardagi hikmatli soʻz va maqollarning koʻpchiligi Gulxaniyda uchramaydi. Nozil asarlari qoʻlyozmalari Oʻzbekiston FA Sharqshu-noslik intida (inv. №12080), Toji-kiston FA Sharqshunoslik in-tida (inv. №1033) saqlanadi.
Ad. h Shodiyev E., Alisher Navoiy va Xoʻjand shoirlari, T., 1981.