ODAMSIMON MAYMUNLAR

ODAMSIMON MAYMUNLAR, gominoidlar, antropoidlar (Hominoidea, Ahthropomorphidae) — tor burunli maymunlar katta oilasi. Gibbonsimonlar, pongidlar, gominidlar oilalarini oʻz ichiga oladi. Bir qancha belgilari, mas, gavdasining yirik boʻlishi; dumi, jagʻ orti xaltasi va quymich soʻgalining boʻlmasligi, eshitish chigʻanogʻining tuzilishi bilan Odamsimon maymunlar martishkalarga nisbatan odamga koʻproq oʻxshaydi. Miyasi yirik boʻlib, unda egatchalar va pushtachalar rivojlangan; miya poʻstlogʻining sirti kengaygan. Tishlari odamlarnikiga oʻxshash tuzilgan. Odamlarga oʻxshashlik belgilari ichki organlari (jigar, buyrak va b.) ning tuzilishi, appendiks oʻsimtasining boʻlishida ham koʻzga tashlanadi. Qon guruxlari (O, A, V va AV), qonning immunlik xususiyatlari va organizmda moddalar hamda energiya almashinuvi jarayonlari odamnikiga oʻxshash. Xususan, Odamsimon maymunlarda siydik orqali boshqa sut emizuvchilar va tuban maymunlarga oʻxshash allantoin emas, balki siydik kislotasi ajraladi. Anatomik tuzilishi va fiziologik xususiyatlariga koʻra shimpanze va gorilla odamga koʻproq oʻxshaydi. Buni molekul-yar biol. ga oid tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Mac, shimpanze bilan odam oʻrtasidagi genlarning 91%, martishka bilan odam oʻrtasidagi genlarning 66% oʻzaro oʻxshash boʻladi. Patologik jarayonlar va infeksion kasalliklar kechishining oʻxshashligi tibbiy va biologik tadqiqotlarni oʻtkazishda shimpanzedan model sifatida foydalanishga imkon beradi. Xayvonlar orasida faqat Odamsimon maymunlarda zaxm va moxov kasalligi paydo qilingan. Boʻgʻozlik va balogʻatga yetish davrlari ham odamlarnikiga oʻxshaydi. Jinsiy dimorfizmning kuchli rivojlanganligi, tana oʻlchami, ancha murakkab xulq-atvori barcha Odamsimon maymunlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.

Prev Article

ODAMATO

Next Article

ODAMTOSH