OJESHKO

OJESHKO (Orzeszkowa) Eliza (1841.6.6 – Grodjmlahri – 1910.18.5) — polyak adibasi. Yirik yer egasining qizi. Varshava pansionida tarbiyalangan (1852—57). Asarlari 1866-y. dan nashr etila boshlagan. Ojeshkoning ilk roman va qissalari («Pan Grabe», 1869; «Marta», 1873 va b.) ayollarning insoniy qadr-qimmat va ijtimoiy erkinlik uchun kurashiga bagʻishlangan. Ojeshko ijodining asosiy mavzui eski pomeshchiklik tartibining inqirozi hamda burjuaziya obroʻ-eʼtiborining yuksalishidir: «Eli Makover» (1874—75), «Broxvichlar oilasi» (1876) romanlari va b. Realistik hikoyalar toʻplami «Turli-tuman davralardan» (1—3-jildlar, 1879—82), belorus dehqonlari hayotini aks ettiruvchi «Pastliklar» (1883), «Dzyurdzi» (1883) va «Surbet» (1888) qissalari shuhrat topgan. «Neman uzra» romani (1887) Ojeshko ijodiy yutuqlarining umumlashmasi boʻlib, unda tanazzulga yuz tutayotgan shlyaxta (polyak dvoryan)larga milliyvatanparvarlik anʼanalariga sodiq mehnatsevar dehqonlar qarshi qoʻyilgan. Ojeshko nasriy asarlari 19-a. polyak realizmi choʻqqilaridan biridir.

Prev Article

OYOQOGʻITMA KOʻLI

Next Article

OJIBVE