OLIM USMON

OLIM USMON (taxallusi; asl ismsharifi Usmonov Olim; 1912.31.12, Jalolobod — 1989.20.9, Toshkent) — tilshunos olim, lugʻatshunos. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1973). Nizomiy nomidagi Pedagogika in-tini tugatgan (1940). Oʻzbekiston Davlat nashriyotida dastlab muxarrir, keyin boʻlim mudiri (1932—35), OʻzFAN Til va adabiyot in-tida ilmiy xodim (1935—38), OʻzFAN nashriyoti direktori (1938—42), Davlat radioeshittirish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari (1944—46). Oʻzbekiston FA Til va adabiyot in-tining lugʻat (1946— 53), til tarixi (1958—65), terminologiya boʻlimlariga rahbarlik qilgan (1965 — 84). Toshkent un-ti filol. f-tining dotsenti (1954—58). Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lugʻatayn» asari haqida i. t. lar olib borgan. «Oʻzbek tili grammatikasi (fonetika va morfologiya)» (hamkorlikda, 1938), «Oʻzbek tilining imlo lugʻati»(1940), «Imlo lugʻati» (1949) singari darslik va oʻquv qoʻllanmalarini eʼlon qilgan. 5 jildli «Ruscha-oʻzbekcha lugʻat» (1950—55), «Ruscha-oʻzbekcha yon lugʻat» (1956), «Internatsional soʻzlar lugʻati» (1959, 1962), «Qisqacha ruscha-oʻzbekcha lugʻat» (1961), «Ruscha-inter-natsional oʻzlashtirma soʻzlar izoxli lugʻati» (1965, 1972), «Ijtimoiy-si-yosiy terminlar lugʻati» (1976) kabi kitoblarning yaratilishida ishtirok etgan.

Prev Article

OLIY OʻQUV YURTLARI

Next Article

OLIMJONOV