OLTINXON TOʻRA

OLTINXON TOʻRA, Mahmud ibn Sayid Nazir at-Taroziy (taxm. 1894, Avliyo ota, hoz. Taroz sh. — 1991.26.6, Makka) — ulamo, adib, tarjimon. Dastlabki taʼlimni padari buzrukvoridan, soʻngra shayx ibn Kamol Nosirxon Toʻra Kosoniydan, davrining boshqa yetuk olimlaridan oldi. Xoʻjand, Toshkent, Buxoro madrasalarida oʻqidi. Arab, fors, turk tillarining barcha lahjalarini mukammal egalladi, mudarris boʻlib yetishdi. Shoʻro tuzumining ziyolilarga, ilm ahllariga oʻtkazgan nohaq zugʻumi sababli mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1932-y. dan Kobul sh. da istiqomat qila boshladi. Vir muddat Afgʻoniston maorif vazirligida maslahatchi lavozimiga tayinlandi. Soʻng Hindistonning Bombay sh. dagi masjidda imom xatib boʻlib xizmat qildi. 2-jahon urushi boshlangandan keyin Saudiya Arabistoniga koʻchib borib, umrining oxirigacha Makka va Madina sh. larida yashab ijod etdi. O. T. Makkadagi Xarami sharif, Madinadagi Masjid an-nabaviyda mudarrislik qilib Qurʼon va hadislardan saboq berdi.

Oltinxon Toʻra tafsir, hadis, fikh, adabiyot va ilmning boshqa sohalariga oid 20 dan ortiq asarlar muallifi va tarjimonidir. U Qurʼoni karimni hoz. zamon oʻzbek tiliga ilk bor tarjima qilib, tafsir yozdi. Bu kitob Hindiston, Pokiston (1976) va Saudiya Arabistonida (1985) chop etilgan. Shuningdek, olim Kurʼonning ayrim suralarini ham tarjima va tafsirlari bilan alohida holda nashr qildirgan. Imom Abu Zakariyo anNabaviyning paygʻambar hadislariga bagʻishlangan «Riyoz us-solihiyn» («Yaxshilar gulshani») nomli 4 jildli asarini, Imomi Aʼzamning «Fikh al-akbar» («Asosiy shariat qoidalari»), «Aqoid islomiya», «Hizb al-Aʼzam» kabi kitoblarini arabchadan oʻzbek tiliga oʻgirdi. Oʻzbek, arab, fors, urdu tillarida diniy maʼrifiy mazmunda risolalar, tasniflar, ruboiylar yozdi. Oltinxon Toʻra tomonidan atTermiziy qalamiga mansub «Kitob ashshamoilu an-Nabaviya» asarining oʻzbek tiliga qilingan tarjimasi sunggi yillarda Toshkentda arab va hoz. oʻzbek imlosida bir necha marta nashr etildi.

As: Riyoz us-solihin (Yaxshilar gulshani), 1-kitob, T., 1991; Kitob al-haj, T., 1993.

Ad.: Jalilov S, Sayid Mahmud Taroziy — Oltinxon toʻra, T., 1997.