OMMAVIY QOʻSHIQ — qoʻshiq turi; xalq orasida ommalashuviga moʻljallangan kompozitor asari. Koʻpincha jamoaviy (xor) tarzda, cholgʻu joʻrligisiz ijro etiladi. Ommaviy qoʻshiq namunalariga band (band-naqarot) shakli, yorqin, esda qoladigan kuyi, ayni paytda, musiqiy va sheʼriy bayonining oddiyligi, kuy hajmining oʻrta vokal re-gistrga asoslanganligi xosdir. Asosan, namoyish, miting, yirik yigʻilish kabi jamoaviy tadbirlarda ijro etiladi. Ilk namunalari Buyuk Fransiya inqilobi davrida yuzaga kelgan (mas, «Marselyeza» — hozirda Fransiya Davlat madhiyasi). Inqilobiy qoʻshiq, harbiylar (safda ijro etiladigan) qoʻshigʻi, Davlat madhiyasi kabi turlari bor. Oʻzbekistonda 20-a. ning 1-choragida yuzaga kelgan (Hamzaning «Biz ishchimiz», «Xoy ishchilar» va b.), keyinchalik bastakor (T. Jalilov, K. Jabborov va b.) va kompozitor (S. Yudakov, M. Burhonov) lar ijodida oʻrin olgan.