OPAL (sanskritcha upal — qimmatbaho tosh) — tarkibida suv saqlaydigan kolloidli kremniy oksididan iborat mineral, globulyar (sharcha) tuzilishga ega. SiO2nH2O. Kremnezyomning globulalari, asosan, 150—400 nm oʻlchovli, baʼzan kattaroq. Aksariyat Opalda 2—14% suv mavjud. Odatda, rangeiz, tarkibidagi aralashmalarga koʻra, oq, sariq, qoʻngʻir va b. xillari boʻladi. Qattiqligi 5—6,5, zichligi 1900—2300 kg/m3. Globulyar tuzilishi bilan opalessensiya (nurni tarqatish) xossasi bogʻliq. Asli Opal kristallik panjarasida globullar toʻgʻri joylashganligi uchun nur difraksiyasi natijasida rang-barang nur tarqatadi. Tarqaladigan nurlarning rangi globulalarning diametriga bogʻliq (d=150—200 nm boʻlsa rangi binafsha, 400 nm gacha — yashil, kattaroq boʻlsa — kizil). Asl Opalning rangiga karab turlarga ajratiladi: oq, qora, arlekin, olovrang, jirazol. Tabiatda Opalning oddiy turlari koʻproq uchraydi (oniks, opalli kaxalong, prazopal, gidrofan, gialit va b.). O. issiq vulkanogen suvlardagi kremnezyom choʻkindilari va nurash zonasida suv taʼsiridan silikat qatlamlar hamda karbonat kislotaning ajralishida kristallanish natijasida hosil boʻladi. Opalning katta uyumlari dengiz havzalari chekkalarida opoka, trepel va diatomit qatlamlarini hosil qiladi. Uchlamchi davr yotqiziklarida koʻp uchraydi. Rangli Opal bezak toshi sifatida ham ishlatiladi. Asl Opal — qimmatbaho tosh. Avstraliya, Chexiya, Meksika, Ukraina, Qozogʻiston va b. joylarda Opalning endogen konlari topilgan. Rossiyada 70-y. lardan asl Opalni sintez qilish yoʻlga qoʻyilgan.