OPERETTA

OPERETTA (ital. operetta — kichik opera) — musiqaviy sahna asari. Dramaturgiyasi vokal va cholgʻu musiqa, raqs qamda dialoglarning estrada sanʼati elementlari bilan uzviy bogʻlanishiga asoslangan. Operettaning musiqiy jarayoni negizi naqarotli qoʻshiq va raqsdan iborat. Har bir tugal sahnaning kulminatsiyasini, odatda, muayyan ommabop raqs tashkil etadi (galop, kankan, vals, chardash va b.) O. da opera vokal shakl (ariya, duet, ansambl, xor kabi)lari ham qoʻllaniladi, lekin ular birmuncha soddaligi va ommabopligi bilan ajralib turadi. Bosh gʻoya bayoni va rivoji asosan musiqa orqali ifodalanishi tufayli Operetta turli xalqlar madanyyatiga xos musiqali sahnaviy janrlar (fransuzcha vodevil, nemischa va avstriycha zingshpil va b.) alomatlarini ham mujassam etgan. Mustaqil janr sifatida Operetta 19-a. oʻrtalarida Parijda yuzaga kelgan (J. Offenbaxning «Orfey doʻzaxda», 1858). Uning dastlabki namunalari, asosan, hajviy yoʻnalishda boʻlgan. Keyinchalik, Operettaga lirik ohanglar ham kiritildi. Fransuz kompozitorlaridan Sh. Lekok, E. Odran va R. Planketlar Operetta janrida ijod qilishgan. Offenbax ijodi taʼsirida 19 – a. oxirlarida F. Zuppe, I. Shtraus (oʻgʻli) va K. Millyoker kabi kompozitorlar tomonidan Vena O. si yaratildi. A. Salliven va S. Jons 19-a. ingliz Operetta sining yirik namoyandalari edi. 20-a. boshlarida venger kompozitorlari F. Legar va, ayniqsa, I. Kalman O. rivojiga katta hissa qoʻshishdi. 1920y. larda AQSHda Operetta taʼsirida myuzikl janri yuzaga keldi. Oʻzbekistonda Operetta janrining rivoji 20-y. larda Rus opera va balet teatri, Samarkand operetta teatri (1938 — 40), keyinchalik esa Toshkent operetta teatri (1971-y. dan) faoliyati b-n bogʻliq boʻlgan. Bu teatrlarda, asosan, Operettaning mumtoz (I. Shtraus, I. Kalman, F. Legar), shuningdek, zamonaviy (A. Jurbin, K. Listov va b.) namunalari qoʻyildi. 1970-y. dan boshlab maz-kur sanʼatga Oʻzbekiston kompozitorlari ham eʼtibor qaratmoqda (E. Solihovning rus tilida sahnalashtirilgan «Xoʻja Nasriddin», «Oygul pari sovgʻalari», «Parol — «Sharq yulduzi», A. Ergashevning «Mittivoy», P. Holiqovning «Krrbobo va Santa Klaus» kabi asarlari).

Ad.: YuldashevaS, U istokov klassicheskoy operettы, T., 1976.