OQCHIL

OQCHIL — ayollarning jinsiy aʼzolaridan ajraladigan chiqindi; qinda doim boʻladi (q. Jinsiy aʼzolar). Odatda, jinsiy aʼzolarning teri yoki shilliq qavatlarini qizartirmaydi. Hayz koʻrishdan oldin, homiladorlik va chilla davrida, shuningdek, qizlar balogʻatga yetish davrida Oqchil koʻproq ajraladi, chunki bu vaqtda jinsiy aʼzolarga qon koʻp quyilib, tuxumdon funksiyasi kuchayadi. Doim ozoda yuradigan ayollarda Oqchil ajralishi sezilmaydi. Oqchilning rangi, hidi oʻzgarsa (sargʻimtir-yashil, suyuq yoki quyuq, qoʻlansa) yoki odatdagidan koʻp ajralsa, ayol jinsiy aʼzolari sohasida achishish, qichishish sezadi; shu soha doim namlanib turadi. Jinsiy aʼzolarning turli kasalliklari (mas, vulvovaginit va b.) yoki organizmning umumiy kasalliklari (mas, sil, kamqonlik, qandli diabet), shuningdek, yurak kasalliklarida Oqchil koʻp ajraladi. Ayollarda qin devori pastga tushganda, oraliq yirtilganda, shaxsiy gigiyena qoidalari buzilganda, homiladorlikdan caqlanish vositalaridan nojoiz foydalanganda va b. hollarda ham Oqchil koʻp ajralishi mumkin. Oqchil kelishi oʻzgarganda darhol mutaxassis vrachga uchrashish va tegishli maslahatlar olish lozim.

Prev Article

OQCHA BALIQLAR

Next Article

OQCHOʻP SVITASI