OTOLITLAR

OTOLITLAR (oto… va yun. lithos — tosh) , statolitlar — bir qancha umurtqasizlar va barcha umurtqali hayvonlar muvozanat organlarida joylashgan qattiq hosilalar. Hayvonlarda Otolitlarning kelib chiqishi, oʻlchami va tuzilishi turlicha. Odatda, Otolitlar hujayralar ishlab chiqaradigan mineral moddalar (koʻpincha kalsiy karbonat) va organik moddalardan iborat; baʼzan tashqi muhitdan olinadi (mas, daryo qisqichbaqalarida qum zarralari Otolitlar vazifasini bajaradi). Otolitlar mayda donachalar yoki yirik hosilalar shaklida boʻlishi mumkin. Umurtqasizlarda Otolitlar statotsistlar, umurtqalilarda vestibulyar apparat ichida joylashgan. Gavda holati oʻzgarganida yoki tezlanish taʼsirida Otolitlar oʻrnining oʻzgarishi tukli retseptor hujayralarning mexanik qoʻzgʻalishiga va miyaga yoʻnaluvchi elektr signallarining paydo boʻlishiga olib keladi.

Prev Article

OTLASHUV

Next Article

OTOMI