OTQULOQ

OTQULOQ (Rumex) — torondoshlar oilasiga mansub bir va koʻp yillik oʻsimliklar turkumi. Oʻzbekistonda 16 turi mavjud. Shulardan ekma. Otquloq, shovul, jingalak Otquloq (R. crispus L.), qizgʻish Otquloq (R. conglomerates Murr.), Suriya O. gʻi (R.syriacus Meisn.), Drobov O. gʻi (R.drobovii Korov.) uchraydi. Ildizi oʻq ildiz, yoʻgʻon, poyasi koʻp qirrali, boʻgʻimli, yuqori qismi kamshox. Ildiz oldi barglari uzun bandli, barg plastinkasining tubi oʻqsimon (nayzasimon), uchburchak-tuxumsimon yoki keng nashtarsimon, poyasidagisi choʻziq-nashtarsimon, poya boʻgʻimlarida ketma-ket oʻrnashgan. Gullari bir jinsli, mayda, toʻpguli roʻvaksimon. May oyidan sent. gacha gullab urugʻlaydi. Mevasi 3 qirrali yongʻoqcha. Otquloq nam yerlarda, oʻtloqlarda, togʻ yonbagʻirlarida oʻsadi. Tibbiyotda dorivor Otquloq, mayda bargli Otquloq yoki shovul va oddiy Otquloqdan foydalaniladi. Otquloq S, V va b. vitaminlarga boy boʻlganligi sababli ovqatga ishlatiladi.

Prev Article

OTQINDI TOGʻ JINSLARI

Next Article

OFARINKENT