OʻJARLIK

OʻJARLIK — atrofdagi odamlarning maslahatlari, iltimoslari, koʻrsatmalari va aqliy mushohadalariga qarshilik koʻrsatishdan iborat shaxs illati. Oʻjarlik odamning oʻz bilganidan qolmaslikda, shaxsiyatparastlarcha intilishida namoyon boʻladi. U gʻazab, jahl, qasos olish, koʻngil ogʻrish tuygʻulari tufayli yuzaga kelishi mumkin. Odamning tashabbuskorlik, mustaqillik xislatlarining qandaydir sabablar taʼsirida poymol qilinishiga nisbatan norozilik ham Oʻjarlikni keltirib chiqaradi. Oʻjarlik odamlar davrasida oʻzini oʻzi tan oldirish, tanitish istagiga hamohang xulq-atvor shakli. Oʻjarlik koʻpincha jahldor, alamzada, shijoatkor kishilarda yuzaga keladi. Bolalar va oʻsmirlarda Oʻjarlikning paydo boʻlishiga asosiy sabab — turmushdagi noqulay shartsharoitlar, tarbiyaviy taʼsirning zaifligi, ularning ehtiyojlarini qondirmaslik, oʻzaro munosabatlarda qoʻpollik, hamiyatiga tegish omillari va boshqalar Ular haqhuquqlarining poymol etilishi, jismoniy va aqliy kamoloti kamsitilishi Oʻjarlik sari yetaklaydi. Oʻsmirlarning koʻpincha nooʻrin, asossiz qarorga kelishi feʼlatvorining illatiga aylanib qolish xavfini tugʻdiradi. Oʻjarlikni bartaraf etishni shaxsning oʻzi anglab yetsa ijobiy oʻzgarish, illatni yoʻqotish imkoni yuzaga keladi.

Prev Article

OʻGAY OTA